Boʻron Roʻziyev


12:06 / 12.06.2024 219 0

1941-yil 17-mayda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tugʻilgan.

Mehnat faoliyatini 1960-yilda Qashqadaryo viloyatidagi “Muborak” xoʻjaligida boshlagan.

1966-yildan “Muborakneftgaz” korxonasida ishchi, operator boʻlib ishlagan.

1995-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Boʻron Roʻziyev oʻrtahol oilada tavallud topdi. Urush yillaridagi qiyinchiliklar va undan keyingi qahatchiliklar yosh Boʻronning bolaligini oʻgʻirlab ketdi. Hali maktab, hali dala ishlari yosh bolakayga oson emasdi.

 

Taqdir taqozosi bilan asli pomuqlik boʻlgan otasi Roʻziqul aka 1930-yillardagi qahatchilik payti oilasini olib. Qiziltepaga koʻchib boradi. 1941-yilda nemis fashistlari boshlagan urushga safarbar qilingan Roʻziqul aka janggohlarda qolib ketgach, oilaning butun tashvishi Boʻronning boshiga tushadi.

 

Otamni yaxshi eslayman, deydi Boʻron aka, Barvasta, kelishgan odam edilar. Chakmonlarining bariga solib, orqalarida koʻtarib yurganlari, eshakka mindirib, yelkamga qoqib, erkalatib turganlari gʻira-shira tushday koʻz oldimda. Otam frontdan qaytmagach, 1950-yillar oxiri edi, chogʻi, onam: “Qiziltepadan qishlogʻimizga ketaylik”, dedilar. Koʻch-koʻronimizni koʻtarib yoʻlga tushdik. Pomuqqa bormadik. Ish yoʻq, sharoit ogʻir. Muborakda qoldik.

 

Harakatchan Boʻron “Muborak” xoʻjaligiga ishga kirdi. Turli yumushlarni bajarib yurdi, haydovchilik qildi. 1963-1964-yillarda Muborakda “Kogonneftgaz” boshqarmasiga qarashli “Muborak” koni tashkil etilganligi, koʻplab mahalliy yoshlar ishga qabul qilinayotgani haqida xabar tarqaldi. Dalada ishlab, ancha suyagi qotgan Boʻron 1966-yilda “Muborak” koniga ishga olishlarini soʻrab ariza berdi. Qabul qilishdi.

 

– Kon boshligʻi Roman Vafin, uchastka muhandisi Xazbi Darchiyev, ishlab chiqarish ustasi Shoniyoz Bozorovdan gazchilik sohasi sir-asrorlarini oʻrgandim, – deydi Boʻron aka qizgʻin faoliyat yillarini eslab. U vaqtda gaz yigʻuv punktlari deyarli yoʻq edi. Ularning qurilishida, ishga tushirilishida qatnashdim. Buxorodagi operatorlar tayyorlash kursida olti oy oʻqib keldim. Ana shundan keyin 32-yil mobaynida operatorlik kasbida mehnat qildim.

 

Doʻlvor, tanti, soddadil bu inson janubi-gʻarbiy Oʻzbekiston, yaʼni Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hududidan ilk bora neft va gaz qazib chiqarila boshlangan oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab shu sohada mehnat qilib kelayotgan ilu, maxalliy ishchilardan biri edi. Boʻron Roʻziyev umrining qariyb yarmini shu sahrolarda oʻtkazdi, avval neft va gaz konlarini qidiruvchi geologlar guruhida, keyinroq burgʻilovchi-parmalovchilar safida boʻlib, oltinga teng yoqilgʻi konlarini burgʻilab, ularga yoʻl ochish ishlarida faollik koʻrsatdi.

 

1960-yillardan burgʻilash-qazish ishlari tugatilib, Boʻron Roʻziyev konning toʻla quvvat bilan ishlatilayotgan joylarida operatorlik qila boshladi. Operatorlikning ham oʻziga yarasha qiyinchiliklari bor. Maʼlumki, yangi ishga tushirilgan gaz quduqlarida bosim juda yuqori boʻladi. Buning ustiga qazib chiqarilayotgan gazning bosimi goh koʻtarilib, goh tushib turadi. Bunaqa paytda operator tinim bilmay, goh u, goh bu quduqning boshiga borib, surma zulfin (zadvijka)ni aylantirib, gaz yoʻlini yopib-ochib turishi kerak. Kondagi har bir quduq orasi 500 metrdan 3-4 chaqirimgacha boʻlishini eʼtiborga olsak, bu oraliqlarda aylanib yurgan operatorning qanchalik harakatda boʻlishini tushunish mumkin.

 

– Hayotimda issiq-sovuqni koʻp koʻrdim, turli millat, har xil taqdir egalari bilan yonma-yon ishladim, – deydi umri qumliklar saltanatida oʻtgan Boʻron Roʻziyev dil soʻzlarini bayon qilib. – Tajribamdan chiqargan bir sabogʻim shuki, odam oʻzini chinakam baxtli hisoblashi uchun uning ortida qudratli Vatani turishi kerak. Mustaqillik eʼlon qilingach, biz haqiqiy erkinlikni his etdik. Endi “katta ogʻa”lar choʻntagiga emas, jonajon xalqimiz farovonligi yoʻlida mehnat qilayotganimiz kuchimizga kuch qoʻshgandi. Mehnatimiz zavqli, fidokorona yumushga aylandi. Shunday kunlarga yetganimiz shukronasi uchun bir gʻayratimga oʻn gʻayrat qoʻshib ishladim.

 

Boʻron Roʻziyev gazchilarning katta va ahil oilasida oʻzining halol mehnati bilan obroʻ-eʼtibor qozona oldi. Uning fidokorona mehnati bejiz ketmadi. Davlatning qator orden va medallari bilan taqdirlandi. Eng asosiy mukofot – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvonini Birinchi Prezidentning qoʻlidan qabul qilib olishi boʻldi.

 

Boʻron bobo 3 oʻgʻlini uylantirib, 3 qizini uzatdi, hozirda u nevara-chevaralar toʻylarini koʻrib, huzur-halovatda umrguzaronlik qilib kelmoqda.

 

Oʻzining vajohati bilan sahrolar bagʻriga gʻulgʻula solgan boʻron agar ozgina halovat istasa, shunchaki oddiy yelvizakka aylanib qoladi. Xuddi shunday, Boʻron Roʻziyev ham hayoti davomida hech qachon halovat istamadi. Bepoyon, tilsiz sahrolar bagʻrida yashirin yotgan boyliklarni inson baxti-saodati yoʻlida xizmat qildirish maqsadida butun kuch-qudratini, salohiyatini sarfladi. Bugun sahro bahodiri oʻzining tinimsiz sinovlar, izlanishlar orasida oʻtgan hayotidan mamnun holda keksalik gashtini surmoqda. Boʻron boboning hayotiy hikmatlari yoshlar uchun chinakam ibrat maktabidir.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//