Yaponiya sotuvga qo‘yiladi


Saqlash
18:04 / 05.04.2024 19417 0

Vatan haqidagi “kindik qoni to‘kilgan tuproq” singari iboralarimiz eskirdi, nazarimda. Bugungi insonga Vatanni ulkan korporatsiyaga qiyosan tushuntirgan ma’quldek: shirkat qancha ko‘p daromad topsa, har birimizning turmushimiz yaxshilanib boradi; aksincha, inqirozga yuz tutsa, xonavayron bo‘lamiz. Shunday talqin qilinsa, jamiyatdagi munosabatlar ochiq-ravshan, “o‘yin qoidalari” hammaga tushunarli bo‘larmidi? Ammo ikkilanib ham qolaman ba’zan, tashmachilik, talonchilik maynasiga urib ketgan olomonga “Vatan bu – korporatsiya!” desak, ochofat ishtahalarni qitiqlab, o‘mar-o‘marga ma’naviy huquq berib qo‘ymaymizmi? Axir, ayrimlar uchun ishxonasidan hechqursa bir poy paypoq o‘g‘irlab chiqish “milliy mafkura” darajasiga ko‘tarilgan-da!

 

Ustoz Mahmud Sa’diy bilan ana shunaqa chigal masalalarda ko‘p gaplashardik, bahslashardik. Har bir odam Vatanni sotishi mumkin: mansabiga qarab, kim ko‘proq, kimdir kamroq porsiyalarda (atayin taom o‘lchovini ishlatdim). Domla suhbatlarimizda yapon fantast yozuvchisi Sakyo Komasuning (1931–2011) “Yaponiya sotuvga qo‘yiladi” hikoyasini bot-bot eslardi. Kunchiqar o‘lka adabiyotida alohida o‘rin egallagan adibning “Alvido, Yupiter”, “Ajdarho halokati”, “Virus” kabi romanlari tilga tushgan. Asarlari asosida suratga olingan filmlar muallifning shuhratiga shuhrat qo‘shgan. Tirikligidayoq, 1993-yili yangi kashf etilgan asteroidga Komasu nomi berilgan.

 

“Yaponiya sotuvga qo‘yiladi” hikoyasida, qarangki, bir mayda firibgar butunboshli mamlakatni pullavoradi. Keyin osmondan tushgan to‘r Yaponiyani baliq kabi ildiradi-da, fazoga olib chiqib ketadi. Ustoz har gal shu joyini aytayotganda qo‘l harakatlari bilan ko‘rsatardi. Mening xayolimda esa bekatlar, daraxt-u ustunlarga yopishtirib tashlangan “продаётся...” qog‘ozchalari chappar urar, e’lonlarda uylar emas, turli davlatlar nomi yozilgani ko‘z o‘ngimga kelar edi.

 

“Do‘kon sotiladi”, “Hovli sotiladi”, “Yer sotiladi” – olaquroq chorlovlar orasida “Vatan sotiladi” degani ham bo‘lsa-ya!.. Bulturmidi, onlayn platformada Toshkenti azim sotuvga qo‘yilishi haqida e’lon tarqaldi. Darrov Mahmud Sa’diy yodimga tushdi. Agar hayot bo‘lganida, albatta, “xushxabar”ni yetkazardim. Ehtimol, huzuriga borardim. Telefondan ko‘rsatganimga qanoat qilmay, qog‘ozga chiqarib kelishimni tayinlardi. So‘ng qaltiroq barmoqlarida qalam tutgancha matnni tahrirlashga kirishardi – “kasb kasalligi”. Imlodagi ilk xatolarni tuzatayotib, hushyor tortar va niyatidan qaytar edi. E’lonni hijjalab o‘qib chiqqach, odatiga ko‘ra og‘zini kafti bilan bekitib, lekin xandon otib kulardi. “Adabiyotning hayotga ko‘chgani shu-da!” deya Komasu hikoyasini tilga olardi. Bozirgon yigitcha jarimaga tortilganini eshitib, iya, bu faqat e’lon beribdi-ku, hayotda shu ishni qilib yurganlarni jazolamaysanmi oldin, deya jig‘ibiyron bo‘lishi ham aniq edi.

 

Domla vatanfurushlarga ayovsiz edi. Ayniqsa, o‘sha kezlar ancha-muncha ziyolilar ham mukkasidan ketgan o‘qishga kiritish “biznes”i bilan kelisholmasdi: “Bu millatga xiyonatdir! Bir ahmoqni boshingga chiqarib olasan! Shusiz ham urchib yotgan boshsiz boshliqlarni yana ko‘paytirasan”. “Men qilmaganim bilan, boshqa “hojatbaror” topiladi. Undan ko‘ra soqqasini olganim yaxshi-ku”. “Bugun sen harom yo‘ldan qaytsang, ertaga yana kimdir ortingdan ergashadi. Millat ana shunday bitta-bittadan tozarib borishi kerak!”

 

Yaqinda esladim o‘sha suhbatni. Ijtimoiy tarmoq faollari bilan gurungda “xalqning kuni kimlarga qolgani”dan yozg‘irdik. Tarixchi akamiz falonchi amaldor chalasavod ekani, shaxsan o‘zi uni universitetga kiritib qo‘yganidan gap ochdi. Argument tagida dahshatli argument bor edi. Ammo yuz-ko‘z issiq – indamadim. Oradan o‘n kun o‘tdimi-yo‘qmi, o‘sha rahbarning noqonuniy qilmishi ovozasi olamni tutdi. Mening o‘rnimda Mahmud Sa’diy bo‘lsa edi, boyagi olimga xalqning qarg‘ishlaridan sen ham benasib qolmaysan, o‘sha vallamatning jinoyatlaridan sening amal daftaringga ham gunoh yozilib turadi, deyishi tayin edi. Toma-toma ko‘l bo‘lur, deya kularmidi oxirida. Sa’diy domla bilan bir gurungda, ehtimol, yuzinchi martadan so‘ng, namuncha ko‘p eslaysiz shu Komasuni, deya gustohlik qilganim ham yodimda. Hali ko‘p eslaymiz, degan edi ustoz tagdor ohangda...

 

Rahmatli “Yaponiya sotuvga qo‘yiladi” hikoyasini o‘zbekchaga o‘girmoqchi bo‘lib yurardi. Bu ishni birgalikda qilishga ham kelishgan edik. 2009-yili taglama tarjima tayyorlashga unnab ko‘rdim, yarmidan oshdi-yu, chala qoldi. Bir tarafi, ustozdan o‘tgan yalqovlik, boshqa tomondan, asar milliy muhitda qayta yaratilmasa, ta’sirli chiqmaydigandek tuyuldi. Keyinchalik o‘zim shu mavzuda bir nima qoraladim. Nashr etadigan mard topilmay, g‘aladonga bandi etildi...

 

Mahmud Sa’diyning bul armonini ushaltirish mutarjim Shohsanam Ro‘zimat qiziga nasib qilgan ekan. “Tafakkur”da bosilayotgan hikoya tarjimasining ana shunday tarixi bor. Ustozning esa hali amalga oshmagan vasiyat-rejalari ko‘p. Ularni birma-bir ro‘yobga chiqarishning uddasidan chiqar shogirdlar. Ehtimol, o‘shanda yapon adibini eslashga hojat ham qolmas...

Farrux JABBOROV

 

 

(Hikoya)

1

 

Siz tijorat ishi bilan yo‘lga chiqdingizmi yoki sayohat qilib o‘ynab kelganimi? Balki olimmi-tadqiqotchidirsiz?.. Nima, adashdimmi? Hay mayli... shunchaki gap orasida so‘radim-qo‘ydim-da. Qarasam, ser solib dengizni kuzatib ketyapsiz, shunga – tadqiqotchi­olim emasmikan bu odam, deb o‘yladim. O‘rganaman desangiz bu yerlarda bir dunyo sir-sinoat bor; shu joyda bir voqea yuz bergan...

 

Kechqurunlatib Vladivostokka yetamiz, u yog‘i keyin Sibir... Bilasizmi, biz hozir aynan – bir zamonlar Yapon dengizi boshlangan kenglikka kirdik. Ha... endi esa hammayoq yoppasiga Tinch okean...

 

Bugun bu yerlarda to‘lqinlar mavj urib yotibdi. O‘ttiz yillar burun xuddi shu joyda dengiz ustiga egilgan yoydek bo‘lib Yaponiya qad kerib turardi. Aftidan, biz hozir uning markaziy qasabalari yoki shunga yaqin joylarni kechib o‘tyapmiz... Uni kim sotib yuborganini bilasizmi? Kamina, men! Endi yashirgandan nima foyda? Shaxsan o‘zim, mana shu qo‘llarim bilan pullaganman...

 

E, ko‘rib turibman, siz ham menga ishonmayapsiz. Shu kungacha necha martalab unaqasiga ham, bunaqasiga ham gapim rost ekanini isbotladim, lekin ko‘ksimga harqancha mushtlamayin, biror kimsa ishonmadi... To‘g‘ri, ko‘p yolg‘on gapiraman, firibgar, fosiq kimsaman-ku-ya, biroq uchchiga chiqqan ablah ham bir kun kelib qilgan ishidan afsus chekadi, xo‘p deyavering. Mana, men ham pushaymonman – chindan, ich-ichimdan. Aldab nima? Axir, men o‘zim yaponman-ku! Va men o‘z vatanimni pulga chaqdim, tasavvur qilyapsizmi?! Sotishga sotdim-u, lekin nimalar bo‘layotganini tuzuk-quruq anglamadim... Ey, siz menga qarasangiz-chi! Ko‘zyoshimni ko‘ryapsizmi? O‘sha bir vaqtlar Yaponiya bo‘lgan joyga ko‘zim tushishi bilan shashqator bo‘lib oqadi la’nati. Endi ishongandirsiz? Mayli, ishonmagan taqdirda ham, istig‘forimga quloq solishdan bosh tortmassiz? Yaponiyani qanday sotib yuborganimni aytib beray sizga... Ortiq ichga yutolmayman. Axir, ichimdagini to‘kib solmasam yorilib ketaman!.. Yana-tag‘in hikoyasi uchun pul-mul tama qilyapti deb o‘ylamang. Gap pulda emas...

 

 

2

 

Siz Yaponiya atalmish mamlakat kunlarning birida daf’atan Yer yuzidan g‘oyib bo‘lib qolgani haqida eshitgansiz, to‘g‘rimi? Xuddi tushdek – bu o‘lka bir kunning o‘zida ko‘zdan zim yo‘qolgan... Ha ana, siz buni eshitgansiz! Lekin u aynan biz hozir suzib o‘tayotgan yerlarda makon tutganidan aslo xabaringiz yo‘q, shundaymi... Hay yashang, o‘ttiz yil avval, ikki ming kilometrlarga cho‘zilgan ikki mingga yaqin orol shahr-u qishloqlari va bor aholisi bilan bir kunda tutun misoli yo‘qlikka singib ketgan. Eh, o‘shanda shunaqangi qiyomat qo‘pgan ediki! Barcha odatiy tushunchalarning oyog‘i osmondan kelgan. Butun dunyo olimlari bu hodisaga nisbatan tayin munosabat bildira olmay, alamdan o‘zini bir yoqli qilib qo‘yishiga sal qolgan. Keyin, to‘g‘ri, hovurdan tushildi. Aytishlaricha, Yaponiya noma’lum sabablarga ko‘ra, g‘ayb olamiga o‘tib ketganmish. “G‘ayb olami” – rosa qo‘l keldi-da shu tushuncha. Hozir aqlimiz yetmagan har qanday masala o‘sha “tushuncha”ga to‘nkaladi, tamom-vassalom. Orol yoxud bus-butun bir mamlakat yer yuzidan g‘oyib bo‘libdimi? Ahsan! G‘ayb olami sababchi!

 

Shubhasiz, Yaponiyaning boshiga g‘aroyib savdo tushgan, nima sababdan bo‘lsa ekan-a? He yo‘q, be yo‘q, bu o‘lka shunchaki yer yuzidan yo‘qolib qolmaydi-ku... Aslida hammasi ancha jo‘n: Yaponiya sotib yuborilgan!

 

Bundan o‘ttiz ikki-o‘ttiz uch yillar avval men tumshug‘iga Panama bayrog‘i ilingan betayinroq bir kemada dengizchi edim. Biz hech nimadan tap tortmay dengizda bo‘zchining mokisidek u yoqdan bu yoqqa zuv qatnar edik... Nima deysiz? Ha-da, men oldin o‘qiganman, talaba bo‘lganman, esimda, meni dono, poliglot deyishardi. Darhaqiqat, hali talaba ekanimdayoq to‘rt-besh tilda bemalol chuldirar edim. E, lekin bular bari safsata. Agarki men daho bo‘lsam – faqatgina firib va yolg‘onchilik bobida daho edim, bu borada oldimga tushadigani yo‘q edi. Xullas, universitetni tugatar-tugatmas shaxsiy biznesimni yo‘lga qo‘ydim, idora ochdim. Tabiiyki, bari xo‘jako‘rsinga – aldam-qaldam ishlarimni niqoblash uchun. Idora xodimi ko‘p emas – men-u telefondan iborat edi, xolos. Eksport yoki import bahonasida mijozlardan bo‘nak undirar, vositachilik haqini olar, soxta qarz hujjati yozib berar, deylik, fotoapparat o‘rniga duch kelgan eski-tuskini chet elga uchirma qilar edim. Qisqasi, boshida ishim rosa o‘ngidan keldi. Biroq bu faoliyatim uzoq cho‘zilmadi. Tez orada do‘konni yopib juftakni rostlashga to‘g‘ri keldi. Qochib Kobz shahrining sohilbo‘yi qasabasiga bordim va o‘sha yerda dallollik bilan shug‘ullana boshladim. Lekin bu ishim ham tez orada kasodga uchradi. Yana qochib, bir xorijiy kemaga dengizchilikka yollandim.

 

Keyin Ovrupo va Janubiy Amerikaning port shaharlarida tentib yurdim, uchta kema almashtirdim. Shu yillar mobaynida asosiy hunarim – mayda qalloblik bo‘yicha mahoratim oshgandan oshdi. Asosan, qo‘noq odamga yordam qo‘lini cho‘zishga doim tayyor qishloqi dengizchilar, ishi yurishmagan sayyoh-u har turli laqmalar domimga ilinardi. Ammo uncha-muncha insofim bor edi, buning ustiga, o‘ta ehtiyotkorlig-u ustalik bilan ish tutardimki, zarar ko‘rgan odam har doim ham o‘zining ahmoq bo‘lib qolganini payqayvermasdi. Shunga qaramay, qanday qilib-ku, bilmadim, ba’zi ishlarimning misi chiqib qoldi. Dengizchi oshnalarim menga “Qallob Koma” deb laqab qo‘yib olishgan edi. (Axir, mening ham el qatori rostakam ism-nasabim bor edi-da: Komaki.) Bilasizmi, odamzod bir ajib yaratiq ekan: Koma qallob deb atay boshlashlari bilan men dabdurustdan kasallanib qoldim, boz ustiga, butun badanim qichima bo‘ldi! Ey, shu mayda qalloblik rosa jonimga tegib ketdi, yotaman-u tush ko‘raman: nima emish – xalqaro miqyosdagi firibgarga aylanganmishman, mening misli yo‘q nayranglarimni ko‘rib butun dunyo hayratda emish!..

 

Xullas, o‘sha kezlar shunaqa bir kayfiyatda yurgan edim-da. Bir kuni Marselda “Popo” degan rasvo bir qovoqxonada dengizchilar-u ularning yugurdagi bo‘lmish o‘smirchalar arzon arag‘-u sharobga bo‘kib o‘tirgan edik. Endi, mayxo‘rlikda nima bo‘lishi o‘zingizga ayon: og‘zimizdan bodi kirib-shodi chiqqan, kim kim bilan talashib-tortishgan... Keyin esa, piyonistalarga xos kasalni bilasiz: bir-birimizga gal bermay og‘iz ko‘pirtirishga tushdik – hamma o‘z yurtini ko‘kka ko‘tarib maqtadi: norvegning Norvegiya, daniyalikning Daniya, olmon esa “Doychland, Doychland, yuber alles...” deb esi ketdi. Farang va italyan haqida-ku gapirmay qo‘yaqolay – go‘zal vatanlarini madh etganlarida hatto ko‘z qorachiqlarining rangi ham o‘zgarib ketardi. Shovqin-suron, qiy-chuv, har kim bilganidan qolmay vaysab yotibdi. Lekin menga tenglashishga yo‘l bo‘lsin! Bular o‘zi ism-sharifini ham to‘g‘ri yoza olmaydigan chalasavod bir matrosvachchalar bo‘lsa! Men-chi, harholda firibgar nomim bor, yana-tag‘in oliy ma’lumotli firibgar! Shu desangiz, Yaponiya – mo‘jazgina, ammo olamdagi eng ajoyib o‘lka sharafiga qasida o‘qiy ketdim-ku! So‘z degani quvurdan oqqan suv kabi quyilgandan quyilib kelaverdi, kelaverdi. Qovoqxona pashsha uchsa eshitilgudek tinchidi-qoldi – hammaning qulog‘i menda. Men bo‘lsam gapirgan sayin jo‘shib boryapman – qoyilmaqom uddalayapman-ey. Bir vaqt ortimda kimdir entikib so‘zlarimga tan berdi va pichirlab:

 

– Oh, qandayin yurt ekan-a!.. Yaponiya, beqiyos Yaponiya!.. – desa bo‘ladimi!

 

O‘girilib qarasam, qo‘shni stolda allaqanday nusxa o‘tiribdi – ozoda-sipo, jikkakkina odamcha. Egnida po‘rim kostyum-shim, bichimi zo‘r – londonlik eng qo‘ligul chevarlar tikadigan kostyum-shimdan farq qilmaydi. Biz o‘tirgan arzongarov maishatxonaga bundayin olifta engil-bosh hecham yarashmaydi-da. Boz ustiga, manavining egnida halpillab turibdi, xuddi qop kiygandek... Faraz qiling, maymunmi yoki qandaydir jin, yoxud suvdan chiqqan bir alvasti egniga po‘rim libos ilib olgan! Aft-angorini-ku men sizga aytmay! Yapaloq, xuddi loklab qo‘yilgandek yaltiraydi, ko‘zi tugmachadek yum-yumaloq, quloqlari uchli-uchli, dikkayib turibdi. Umringizda hech shunday turqi sovuq maymunni ko‘rganmisiz? Xullas, o‘g‘il otaga qanchalik o‘xshasa, u ham maymunga shunchalik o‘xshar edi. Lekin o‘shanda qip-qizil mast edim va balki shu uchun u menga unchalik badbashara ko‘rinmagan.

 

– Janob, – dedim men battar zavqim toshib, – demak, Yaponiya sizga ma’qul, shundaymi? Birgina ta’rif-tavsifdan keyin-a?

 

– Ha, juda ma’qul! – dedi u farangchalab, biroq allanechuk g‘aliz talaffuzda. – Siz o‘zingiz yaponiyalikmisiz?

 

U gapirganda og‘zi g‘alati ochilib­yopilarkan.

 

– Xuddi shunday! Topdingiz! – dedim men shang‘illab, ko‘krak kergancha. – Sharqning sir-sinoatga boy o‘lkasi! Samuraylar yurti! Fudziyama, geyshalar yurti!

 

– Menga Yaponiya yoqdi, – dedi u o‘rnidan qo‘zg‘algudek, o‘ta nozik, go‘yoki suyaksiz barmoqlarini o‘ynatib. – Sizda gapim bor. Aytolmaysizmi, yapon orolini qanday sotib olsam bo‘ladi?

 

– Orolni?!

 

– Ha, men bironta orol sotib olsam devdim, iloji boricha kattarog‘idan. Aholisi ko‘p bo‘lsa ham farqi yo‘q, men ularni mutlaqo bezovta qilmayman.

 

Shundagina men unga razm solib qaradim. Ey, yomonam bodi-bashang ekan bu! Engil-boshini-ku hali aytdim – hamma narsasi asl, qimmatbaho. Barmog‘ida har biri o‘n qirotli olmos ko‘zli qo‘sha uzuk. Bo‘yinbog‘ida dur va zangori yoqut toshli tilla to‘g‘nog‘ich. Soatbandi ham tilladan, jevak o‘rnida zumrad tosh. Port shaharning xilvat jinko‘chalarida shuncha bebaho javohirot qanday omon qoldi-yu uning o‘zi qanday sog‘ yuribdi – aqlga sig‘masdi! Ammo bu hashamat unga eshakka shoyi to‘qim yopgandek sira yarashmas edi. Tortinibroq turishidan ayon: qishloqi! Buning ustiga deng, duragay ekan – bet-boshi yashiltob, qoramag‘iz. Yigitlarimiz menga bejiz Koma deb laqab taqmagan. Bilmasangiz, “koma” degani yaponchasiga – pildiroq degani. Miyam yashin tezligida ishlab, fikrlar g‘ujg‘on o‘ynab ketdi-ku! Xo‘sh, dedim o‘zimga o‘zim, shunday soqqali ish oyoq ostidan chiqib turibdi! Qishloqi boyvachcha orol sotib olmoqchilar! Bunaqa omad kelsa – ming yilda bir keladi!

 

– Hay mayli, – dedim men, – sizga yordam qilsak bo‘ladi. Biroq bu yer nozik guftigo‘larga unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Yuring, boshqa bir qo‘nimgohga o‘taylik.

 

Uni ergashtirib ketdim. Xuddi sichqonni qo‘ldan chiqarib yubormaslik payida bo‘lgan mushukdek! Bu atrof-javonibda xiyla tuzuk degulik bir restoran topdim, oq musallas va ustritsa ham tortilar ekan.

 

– Ey, menga qarang, maydalashib o‘tirasizmi! – deb gap boshladim dasturxonga o‘rnashishimiz hamono. – Orol nima bo‘lardi, ko‘tarasiga Yaponiyani oling-qo‘ying-da! – dedim “Tabasko” qaylasiga bo‘ktirilgan qisqichbaqa bo‘lagini og‘zimga solarkanman.

 

– A-a-a! – Uning ko‘zi bo‘qoq kasali bor odamnikidek qinidan chiqquday olayib ketdi. – Buning imkoni bormi?

 

– Men o‘rtada turib berishim mumkin, – dedim mag‘rur irjayib. – Ha, aytgancha, Yaponiya bir dunyo oroldan iborat ekanini bilasiz-a? Ya’ni – arxipelag.

 

– Zo‘r... zo‘r-ku! – dedi u, aftidan, o‘zini yettinchi osmonda sezib. – Olaman, bo‘ldi, olaman! Hoziroq!

 

– Soqqadan-chi bormi, yetarmikan? – dedim men ustasi farang ishbilarmonga aylanib. – Yaponiya hazilakam pul turmaydi!

 

– E, pul degani achib yotibdi bizda. Lekin... rostdan ham Yaponiyani sotib olsa bo‘larmikan?

 

– Pul bor ekan, bu olamda hamma narsani sotib olsa bo‘ladi! – dedim men komil ishonch bilan.

 

– Tushunarli. U holda... mana, marhamat... – dedi u kissasidan semizgina hamyon chiqarib, stolga besh ming funt qo‘yarkan. So‘ng menga allaqanday hujjat uzatdi. – Bu vakolatli shaxs, ya’ni siz bilan tuzilgan shartnoma. Bunisi esa zakalat – xamir uchidan patir. Endi mana bu yerga imzo chekib yuborsangiz.

 

Angrayib qoldim. Men havoyi bir qishloqi deb mensimagan odam burnim tagiga hatto dallollik haqi miqdori ham aniq ko‘rsatilgan qog‘ozni tiqishtiryapti. Ichimda xavotirga o‘xshagan nimadir g‘imirlab turgan bo‘lsa-da, shartta imzoni bosdim-yubordim.

 

 – Bo‘pti, – dedim men pulni mahkam changallagancha o‘rnimdan turib, – ish pishdi! Mehmonxonaga borib lash-lushimni yig‘ay endi.

 

– Yo‘q! – dedi u miyig‘ida kulib va o‘likniki kabi muzdek yopishqoq barmoqlari bilan shartta bilagimdan tutdi. – Shu daqiqadan e’tiboran siz mening maxsus vakilimsiz. Men nima ish aytsam shuni qilasiz. Kiyim-boshni sizga o‘zim olib beraman, narsalaringiz qolaversin. Biz hoziroq Yaponiyaga otlanamiz.

 

Marseldan Bonnga jo‘nadik – uning idorasi o‘sha yerda ekan. Keyin “Lyufhanza” uchog‘ida Yaponiyaga uchdik... Sakkiz motorli reaktiv layner osmoni falakka ko‘tarilganda o‘zimni xuddi yomon tush ko‘rayotgandek his etdim. Mendek bir qallob – xo‘p ana, mayda bo‘lsa ham-da, dabdurustdan ham maymun, ham qurbaqaga o‘xshagan manavi qishloqiga tizginimni tutqazib o‘tiribman-a! Uning aytishicha, Lixtenshteyn fuqarosimish. Alp tizmalarida yerlashgan jimitdek bir mamlakat, narigi dunyoga otlangan milliarder borki, o‘sha manzilni makon tutadi.

 

– Lekin o‘zim olis-olis bir yoqlarda dunyoga kelganman, – dedi sirli iljayib bu jirkanch maxluq.

 

Tokioga kelasolib idora ochdik. Shahar markazidagi osoyishta-sokin torko‘chalardan biriga joylashdik. Ish qizigandan qizib ketdi: biz Yaponiyani narxlay, mening nazarimda esa sota boshladik... Eh, sigaretim o‘chib qoldi. Suv sachrayverib namiqib ketdi-da. Yana bitta olsam maylimi?..

 

 

3

 

Boshda men o‘zimcha turli rejalar tuzdim: Yaponiya o‘z uyim – hamma narsasi qo‘limda; u yoq-bu yoqni ko‘raman, mo‘ljal qilaman-da, keyin mo‘maygina pulni o‘marib bu yerlardan survoraman. Yerga tegishli mablag‘ bus-butunicha mening ixtiyorimda edi. Hayotim tarallabedod! Ba’zan Tokiodagi biznes shaharchaning qoq markazida joylashgan jihozlari hashamdor ish bo‘lmamda o‘tiraman. Labga qimmatbaho sigara qistirib, oyoqni yozuv stoli ustiga cho‘zgancha, mulk sotayotgan zamindorga osmondan turib nazar tashlayman. Birovning sarvatiga kekkayib, ularni pisandga ilmay rosa mazax-ermak ham qilganman-ey. Tovlamachi hayotining zavqi-nash’asi ham shunda-da! Vositachilik evaziga keladigan ulushning o‘ziga maza qilib yashasam bo‘lardi-yu, o‘rgangan ko‘ngil – ora-sirada ul-bul narsani cho‘ntakka urib ham turardim. Aks holda, firibgar ekanim esimdan chiqib ketadi-ku!

 

Men avvaliga Yaponiyadagi sotuvga qo‘yilgan barcha yerni xarid qildim. Shaxsan o‘zim emas, tabiiyki, ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanadigan shirkatlar orqali. Bir qarich joyni bo‘lsin ko‘zdan qochirmadim – qadamim yetmagan Xokkaydoning gadoytopmas puchmoqlari-yu Kisodagi chakalakzorlar ham bizning ixtiyorimizga o‘tdi. O‘sha kezlar yer savdosi rosa avjiga chiqqan, reklamaga ham zo‘r berilgan edi.

 

Esimda, bir kuni xo‘jayin atalmishimiz televizordan tijoriy ko‘rsatuv tomosha qilib o‘tirganida ko‘zlari olayib, naqd qinidan chiqib ketayozdi.

 

– Qarang-qarang, qancha raqibimiz bor ekan! Biron nimani qo‘ldan boy berib qo‘ymang tag‘in.

 

Bu ishlarni u e’tiborni tortmay, imi-jimida qilishni buyurgan. Shu uchun boshda vasiqani ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan shirkat sohiblari nomiga rasmiylashtirib yurdik. Bu ishga aralashmagan shirkat egasi qolmagach oddiy xodimlar nomiga hujjatlashtiradigan bo‘ldik, ular yerni keyin bizga garov xati bilan yoki hadya tariqasida o‘tkazib berardi.

 

 Biz taxminiy foyda hisobidan (garchi sariq chaqalik foyda ko‘rmasak-da) sotib olingan yer nomiga rasmiylashtirilgan soxta xo‘jayin uchun ham, ko‘chmas mulk uchun ham davlatga soliq to‘lar edik. Xullas, chiqimimiz boshdan oshardi. Bundan tashqari, vaqtinchalik yer sohibi arzimagan ijara to‘lovi evaziga yerdan o‘zi xohlagancha foydalanishi mumkin edi. Oxir-oqibat, nima uchun yer olyapmiz o‘zi, maqsadimiz nima – hech aqlim yetmay qoldi.

 

Boya aytganimdek, bunday qamrovdor ishga misli ko‘rilmagan darajada katta sarmoya kerak bo‘ladi. Xo‘jayin o‘zi bilan ancha-muncha mablag‘ olib kelgan ekan, biroq uning ham tagi ko‘rinib qoldi. Katta miqdorda valyuta olib yurish xatarli – bu albatta e’tiborni jalb etgan bo‘lardi. Xo‘jayin vaziyatdan chiqishning bir yo‘lini topdi, ammo menga qolsa bu g‘irt tentaklik edi.

 

Dastavval son-sanoqsiz soxta shirkatchalar tuzdik. Xo‘jayinning butun dunyo bo‘ylab tarqalgan vakolatxonalaridan shu mayda shirkatlarga qimmatbaho, lekin hajmi ixcham mollarga buyurtmalar kelardi. Bizning shirkatlar esa ularga har turli bo‘lmag‘ur narsa – toshqol-u boshqa chiqitlar jo‘natardi. Men uchun bu odatdagi yumush edi: kimnidir chuv tushirish borasida kaminaning oldiga tushadigani hali tug‘ilmagan. O‘sha eski-tuskilar evaziga biz xo‘jayinning vakolatxonalaridan naqd pul olardik. Shirkatlarimizning eksport mollari ro‘yxatida elektrostansiya asbob­uskunalaridan tortib yarimo‘tkazgichli portativ moslamalargacha ko‘rsatilar edi. Anglab turganingizdek, ro‘yxat ham qalbaki edi. Rosti, juda g‘alati bo‘ldim: ilgarilari tovlamachilik qila­turib men birgina maqsadni ko‘zlardim: go‘l mijozni aldab-avrash! Endi bo‘lsa xo‘jayin o‘z shaxsiy pulini o‘zi ola bilishi uchun biz shunaqa hiyla-nayranglarga qo‘l uryapmiz. Yapon iqtisodi asosan eksportga tayanar edi, shu uchun hukumat chetdan valyuta oqib kelishini faqat olqishlardi. Mabodo valyuta oqimi susayib qolgudek bo‘lsa, hamma xavotirga tushishi muqarrar edi. Aftidan, o‘sha vaqtlar tashqi savdo vazirligi eksport-import muvozanatini nazorat qilishga fursat topmagan. Tekshirganida edi – tabiiyki, tom hayratda qolardi. Ajib hol: chet eldan xomashyo kirib kelishi keskin kamayganiga qaramay eksport o‘sib bormoqda edi! O‘lay agar, bizning bu aldam-qaldam ishlarimiz shu qadar keng quloch yoydiki, mamlakat iqtisodiyotiga, shu bilan birga, tashqi savdo vazirligining statistik ko‘rsatkichlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsata boshladi. 197...-yili Yaponiyada chet el valyutasi keskin sur’atda o‘sgani esingizdadir? Shu – bizning ishimiz!

 

Men xo‘jayinning mol-dunyosi qancha ekanini hatto taxmin qilolmasdim. Shuni aniq bilardimki: u multimilliarder. Harholda, dunyoning har kunjida unga tegishli shoxobchalar bo‘lib, turli davlatlardan bizga pul oqib kelmoqda edi.

 

– Qanday qilib shuncha soqqa qilasiz? – deb so‘radim men undan bir kuni.

 

U miyig‘ida kuldi:

 

– Olmos, tilla, oq tilla va yana ul-bul ishlar bor... Imkoniyatim cheklanmagan mening...

 

– Nima-a? Tilla ishlab chiqarasizmi?

 

– Yo‘q, ishlab chiqarmayman, o‘zi kelib qoladi...

 

Men bu yerda qandaydir qing‘irlik borligini payqadim, biroq uncha bosh qotirib o‘tirmadim. Pulni qayerdan oladi, qay yo‘l bilan – menga nima? Muhimi, bormi – bor!

 

 

4

 

Bunday keng ko‘lamli savdo amaliyotlari natijasida, tabiiyki, yer narxi tez sur’atda o‘sdi. Biroq, bilsangiz, yerning bir xususiyati bor – hech qanday shov-shuv ko‘tarilmasa ham uning narxi muntazam oshib turadi. Shunday ekan, shirkatimizning bu jarayonga ta’siri unchalik sezilib qolmadi. Keyin esa yer narxi tusha boshladi. Gap shundaki, mening vakillarim yer maydonlarini suvtekinga ijaraga bermoqda edi.

 

Reklama va targ‘ibotning ham foydasi bo‘ldi, albatta. Qisqa fursat mobaynida biz aholini yer sotib olgandan ko‘ra, uni ijara tutgan afzalroq ekaniga ishontirdik. Hatto bir umr zamindor bo‘lishni orzu qilgan tadbirkorlar ham sarmoyasini ijara yer olishga tika boshladi. Ish shu darajaga borib yetdiki, ba’zan yerga ko‘chmas mulk o‘laroq to‘lanadigan soliq yer narxidan ham qimmat bo‘lib ketardi. Boshqa tomondan, sotuvga qo‘yiladigan yer maydonlari kamaya, narx esa osha bordi. Yer olibsotarligi ham birmuncha susaydi.

 

Biz shaharlardagi kvadrat metrining narxi bir necha million iyenga teng yerlarga ega ishbilarmonlarni ham o‘z izmimizga solishni uddaladik. Shunchaki bozor narxidan tashqari, uch yil mobaynida yer narxi qancha oshsa, shu mablag‘ning uchdan bir hissasini ularga to‘lab berishdek majburiyatni zimmamizga oldik. Mabodo ularni mo‘lroq foyda ko‘rish qiziqtirsa, sarmoyani yerdagi ko‘chmas mulkka tikishni taklif qildik va ayni zamonda, yer maydonlarini ularga o‘ta manfaatli shartlarda ijaraga berdik. Bunday serdaromad taklifdan qaysi ahmoq bosh tortadi deysiz! Tabiiyki, o‘zimiz endi bankdan aylanma mablag‘ ola boshladik – sotib olgan yerlarimizni garovga qo‘yish evaziga banklar nasiya berardi. Shunga qaramay, nafas rostlab ulgurmasdan balansimizdagi ortiqcha sarf-xarajat bir necha milliardni tashkil etsa deng! Rost, soliq qo‘mitasi bizni bezovta qilmadi – men vaqtida chora ko‘rib qo‘ygan edim. Bunday vaziyatda birovga firib berish xayolimga ham kelmasdi. Firibga balo bormi! Men xo‘jayinga sodiq xizmatkorga aylanib, xuddi aqldan ozgandek tinimsiz yer sotib olardim. Ishoning, yaponning shuncha yeri unga nimaga kerak ekan, degan o‘y miyamda ming martalar aylangan. Mablag‘ni behuda yelga sovurish-ku bu, esiz shuncha pul! Odam degani me’yorni bilishi kerak-da, har ishning chek-chegarasi bor, axir!

 

Qolaversa, pul sarflash – nozik masala. Ba’zi odamlar bir narsaga yopishib olsa – tamom, qancha mablag‘ taklif qilinmasin, o‘laqolsa ko‘nmaydi. Kimdir esa, aksincha, arzimas nimadir yoqib qolsa – deylik, pochta markasi – shuni qo‘lga kiritish uchun borini sarflashdan ham toymaydi. Ba’zan ana shu yag‘ir bosgan qadimiy markaga bir dunyo pul to‘lanadi. O‘lay agar, shu ishlarga kallam yetsa!..

 

Alhosil, biz asta-sekinlik bilan sotib olish mumkin bo‘lgan yer borki, barini o‘zimizniki qildik. O‘jarlik bilan mulkidan ajralishni xohlamagan odamlardagina yer qoldi, xolos. Bu haqda xo‘jayinga aytib, boshi berk ko‘chaga kirib qoldik, deganimni bilaman, u tutaqib ketdi:

 

– Ey, kallavaram! Sotmayman degan bo‘lsa, kutamiz, toki sotishga qaror qilgunicha kutamiz! Siz yaponlarda, adashmasam, shunday maqol bor: “Bulbul sayramayaptimi, demak, sayragunicha kutamiz!” Tezroq yerini sotsin desangiz, ularga turtki berib yuborish, biror yo‘l-yo‘riq o‘ylab topish kerak.

 

U menga yana bitta ahmoqona vazifa yukladi – zamindorlar orasida shunday bir g‘irrom vasiqa shartnomasi tarqatarmishmanki, unga ko‘ra, yer egalari qachondir bir kun yerini sotishga qaror qilgudek bo‘lsa, bizga va faqat bizga sotish majburiyatini bo‘yniga olishi kerak. Menga qolsa, bunisi endi o‘taketgan bema’nilik. Agar o‘sha odam yer sotishni hech qachon xayoliga keltirmasa-chi?! Amlokdorlar-ku zarar-parar ko‘rmasdi: shartnoma uchun biz ularga pul to‘layapmiz-da. Hammasi indamay imzo chekdi, nima balo, aqldan ozganmi bular? Men endi o‘zimni qallob emas, baayni saxovatpesha – filantropdek his qilmoqda edim. Eh, yoqimsiz his ekan bu! Nazarimda, shu xayriyachilarning bari savdoyi bo‘lsa kerak, kallasi joyida emas-ov. Gap shundaki, yaqin kishiga bo‘lgan mehr-oqibat degan gaplar bu yerda mutlaqo ahamiyatsiz. Xayriyachidan ko‘ra tovlamachining odamgarchiligi bor, men sizga aytsam.

 

Shartnomaga hamma imzo chekdi, deya dalolat qildim xo‘jayinga. Aslida-ku, deyarli hamma desam to‘g‘riroq bo‘lardi. Ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi ba’zi yirik shirkat va monopolist savdogarlar orasida ham ba’zi tentaknamo – o‘r-qaysarlar bor edi.

 

– Mana buni oling, kamzulingizning ko‘krak cho‘ntagiga soling-da, boring o‘sha o‘jarlarning yoniga! – dedi xo‘jayin mo‘jaz radiopriyomnikka o‘xshagan allaqanday yapaloq qutichani menga uzatib. – Bu shirkatlarimning birida maxfiy tarzda yasalgan miya to‘lqinlari uzatkichi. Hamma-hammasiga uchrang – birontasi qolib ketmasin! Ko‘rasiz, uginalar gap nimadaligini darrov fahmlaydi-yu mulla mingan eshakdek itoatli bo‘ladi-qoladi.

 

Yo tavbangdan ketay! Hazilmi axir – odamni sizga bo‘ysunishga majbur etadigan uskuna! Kim bilsin, balki xo‘jayin – manavi badbashara ham cho‘ntagida shunaqa matoh olib yurgandir, shu sabab men unga itdek itoat etayotgandirman... Bilasizmi, rostdan ham g‘alati his bu – siz go‘yo qo‘g‘irchoqqa aylanib qolgandaysiz.

 

Xo‘sh, nima bo‘ldi deysizmi? Qurilma pand bermadi! Hamma rozi bo‘ldi – istisnosiz, hatto yirik korxonalar boshqaruv kengashi a’zolari va aksiyadorlar ham. Hay mayli, siz qo‘l qo‘y desangiz – qo‘yamiz-da, bizdan nima ketdi, deyishdi... Rosti, men o‘zimni sipo tutdim, surlik qilib turib olmadim, taklifimni aytdim, xolos. Zudlik bilan sotish haqida-ku gap ham bo‘lmadi, shunchaki o‘zlariga tanish shartnomani imzolashni taklif qildim, qachon xohlasangiz shunda sotasiz, hatto yuz yildan keyin soting – bizga farqi yo‘q, dedim. Buning ustiga, ijara huquqi, yer osti boyliklarini qazib olish huquqi ularda qoldi, biz faqat mulkka egalik huquqini so‘radik. Rozilik bermay bo‘ladimi! Ijara huquqi nima ekanini bilasizmi? Bu hazilakam gap emas – shunday huquqqa ega odam qayta sotuvda bab-baravar sherik o‘laroq ishtirok eta oladi. O‘sha choq bu uddaburon korchalonlarning xayolidan nima o‘tgani menga besh qo‘ldek ayon: shundayin shartlar asosida yer sotib olayotgan anoyining basharasini bir ko‘rsak edi! Uchchiga chiqqan ustomonlari osongina ijara huquqini sota boshladi. Tez orada bu birja chayqovida eng xaridorgir oldi-sotdiga aylandi-qoldi – ilgarilari ko‘chmas mulkning bozori ana shunday chaqqon bo‘lardi.

 

Nima bo‘lganini fahmlayapsizmi? Xo‘jayinim, boshida menga sodda-go‘l qishloqi bo‘lib ko‘ringan o‘sha g‘aroyib kimsa, yerga egalik qilishni bema’nigarchilikka aylantirdi. Yer-mulk degan narsani yo‘qqa chiqardi. Mening kallam mutlaqo ishlamay qoldi. Uning qancha puli bor, qayerdan oladi, qancha xarjladi... hammasi miyamda qorishib-chalkashib ketdi. U nafaqat mansabdorlarni, hukumatni ham chuv tushirdi. Qanday qilib deysizmi – aql bovar qilmaydi... Men hatto qo‘g‘irchoq emas, avtomatga aylandim: har kuni go‘yo aloq-chaloq tush ko‘rayotgan kabi allaqanday odamlar bilan uchrashaman, gumashtalarimizga ko‘rsatma beraman, xo‘jayinning buyruqlarini bajaraman...

 

Shu tariqa, boshlig‘im to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita yapon yerlarining bariga ega chiqdi. Hali uning mulkiga aylanmangan yerlar vaqti kelib unga o‘tishi kerak edi. Tabiiyki, vasiqa soxta nomga rasmiylashtiriladi. Biroq biz toza ishlardik. Biror kimsa jilov aslida kimning qo‘lida ekanidan shubhalanmasdi ham. Men-ku, xo‘jayin kim ekanini bilaman. Qasam ichib aytamanki, u Yaponiyaning haqiqiy egasiga aylandi – ha-ha, shunday bo‘ldi! U o‘rgimchak to‘ridek yerimizni butkul – katta-kichik mulklari, maydon-u maydonchalari bilan qamrab oldi. Bu vaqtga kelib “muddatsiz vasiqa shartnoma”si ham ish bera boshladi. Yer ham boshqa mol-mulk singari mudom foydalaniladi-ku: Xudoning bergan kuni kimdir qayerdadir nimadir sotadi. Yer maydonlardan bittasi sotuvga qo‘yilishi hamono xo‘jayinning changaliga tushadi.

 

Nihoyat shunday kun keldiki, endi bu yerda qiladigan ishim qolmadi, degan qarorga keldim.

 

– Yo‘q! – dedi xo‘jayin. – Hali davlatga tegishli yerlar bor axir!

 

– Kechirasiz-u, o‘zingiz aytib turibsiz – davlat yeri deb, demak, u davlatga tegishli... Mulkka egalik...

 

– Mulkka egalik? Nima, mulk sotilmaydimi yoki sotib olinmaydimi? Siz emasmidingiz, pul bo‘lsa bu dunyoda hamma narsani sotib olsa bo‘ladi degan? Hamma-hamma narsani sotib olish mumkin: ayol qalbini, g‘oyalarni, professional beysbolchilar komandasini, odam bolasini va hatto uning erkini ham! Bas, demak, egalik huquqini ham sotib olish mumkin. U davlatga tegishli ekanining esa mutlaqo ahamiyati yo‘q.

 

“Ish”imizning keyingi bosqichiga o‘tdik. Davlat yerlari boshqarmasi va davlat yerlarini jismoniy shaxslarga sotish qo‘mitasigacha chiqishga to‘g‘ri keldi. Davlatga tegishli juda ko‘p yer maydonlari sotuvga qo‘yilgan edi, lekin men sal-pal cho‘chib turardim. Hay, dedim, ancha-muncha ter to‘kaman chog‘i: shishinib ketgan to‘ralar-u parlament deputatlarini ko‘ndirishning o‘zi bo‘ladimi! Ey, tasavvur qilyapsizmi, shu qadar tez – xamirdan qil sug‘urgandek oson bitdiki bu ishlar! Davlat yerlarini sotib olish bilan shug‘ullanadigan barcha korxona va jismoniy shaxslarga birma-bir uchrab, olgan yerini qayta sotishga qaror qilgudek bo‘lsa, bizga murojaat etishga ko‘ndirdim. (Axir, hayron qoladigan joyi yo‘q – haligi mo‘jizakor uskunachani kissamdan qo‘ymay olib yuribman-da!) Bunisi holva! Biz hatto parlament orqali zo‘r bir qonun loyihasini o‘tkazishga ham muvaffaq bo‘ldik. Jiddiy sabab ham topila qoldi: yer narxi oshishiga qarshi kurash va yerning ijtimoiy foydali qiymati uchun! Bu qonunga muvofiq, davlatga qarashli yerlar kelgusida faqat “Tabiat boyliklarini muhofaza qilish sayyohlik jamiyati” va “Yerdan umumfoydalanish ittifoqi”ga sotilishi mumkin edi, xolos. Bu jamiyatlarga qo‘yilgan sarmoya davlat bilan bizga tegishli edi. Lekin odatdagicha ulush teng taqsimlanmagan – bizning sarmoya davlatnikidan ko‘proq edi. Shu tariqa, yer-mulkka egalik masalasi ko‘tarilishi bilan: yer kimniki va qanday yer ekani – bu davlatga qarashli botqoqlik yoki tog‘ cho‘qqisi bo‘ladimi – mutlaqo ahamiyati yo‘q, mulk to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizning tashkilotga o‘tar edi.

 

Mulk huquqiga egalik bu huquqni boshqa shaxsga xohlagan shaklda o‘tkazish imkonini berardi. Shunday qilib, faqat hech kimga tegishli bo‘lmagan narsa, deylik, havo yoki quyoshnigina sotib olish imkonsiz. Fudzi tog‘ining cho‘qqisi, allaqanday foydasiz dashti biyobon yoxud odam qadami yetmagan orol deysizmi, kimga (biror shaxs yoki davlatga) tegishli ekanidan qat’i nazar – sotilishi, shuningdek, nimadir sabab bilan sotib olinishi mumkin.

 

Xullas, Yaponiyaga qarashli hamma yer, umum foydalanadigan yo‘llar va davlat uy-joy kooperativlari egallagan hududlardan tashqari, xo‘jayinimizning mulkiga aylandi. U tog‘lar-u daryolar, ko‘llar-u orollarning bariga sohib bo‘ldi. Yerdan foydalanish huquqi aholining o‘zida qoldi, bu huquqqa biz mutlaqo daxl qilmadik. Bir qarashda, Yaponiya o‘sha­o‘sha g‘ala-g‘ovur mamlakatdek ko‘rinardi. Biroq aslini olganda, yaponlar endi o‘z yeriga ega emas. Bunga ikki kishining yashirin hiyla-nayranglari sabab edi. Men bo‘lsa noxush tuyg‘ulardan hech xalos bo‘lolmasdim: go‘yo sarob – haqiqatda bo‘lmagan, qo‘l tekkizsangiz yo‘qolib qoladigan xayoliy mamlakat girdobiga tushib ketgandek edim.

 

– Rahmat! Yaponiya endi meniki! – dedi anavi qurbaqa menga mo‘may pul yozilgan chek uzatib. – Men sizni barcha vazifalaringizdan ozod etaman.

 

Shubhasiz, boshim osmonga yetdi. Pulimni oldim, endi yana biror daxmaza chiqib qolmasdan dov-dastagimni ko‘tarib juftakni rostlashim kerak, deb o‘yladim. Oyog‘im shundoq ham qichib turibdi – tezroq qochsam-ketsam deyman. Biroq beixtiyor unga savol qotdim:

 

– Xo‘sh, Yaponiyani nima qilasiz endi?

 

– Nima qilaman? Tabiiyki, vatanimga olib ketaman! – dedi qurbaqa pinagini buzmay. – Siz o‘shanda Yaponiyani maqtaganda haq ekansiz. Beqiyos o‘lka! Ko‘rkam, g‘ayrioddiy. Tabiatini aytmaysizmi! Maftunkor! Manzaralar naqadar rang-barang – baland tog‘lar, orollar, ko‘rfazlar! Iqlimi-chi, har ta’bga mos: qor-qirovli, subtropik va uncha-muncha issiq. Tarix, ko‘hna madaniyat va zamonaviy yuksak tamaddun omixta bu yerda. Olamshumil ilm-fan yutuqlari bilan baqamti ibtidoiy tarzda turmush kechirayotgan yarimyovvoyi qavm! Bu yerda xilma-xil elat va qabilalarni uchratish mumkin – butun dunyodan oqib kelgan sayyohlar. Jahon sanoati namunalari, turli mamlakatlarning oziq-ovqat mahsulotlari namunalari – hammasi bor bunda. Bu yer Sharq bilan G‘arb tutashgan chorraha. Qisqa qilib aytganda, Yaponiya – Yer sayyorasining kichik bir nusxasi: hamma narsadan bor – ozgina-yu sozgina. Go‘zal mitti bog‘!.. Ha, Yaponiya yerdagi tamaddunning eng muvaffaqiyatli timsolidir.

 

– Sizning vataningiz qayerda?

 

– Huv anavi yoqda! – dedi u tungi osmon qo‘ynida miltillab turgan yulduzlarga ishora qilib. – Olis-olislarda.

 

– Hoy, nima, esdan adashganmisiz? – deb qichqirib yubordim men. – Xo‘p, men qallob, tovlamachi, uchchiga chiqqan yaramasdirman, ammo kim bo‘lishimdan qat’i nazar, vatanimni shunday olisga olib ketishingizga jimgina qarab turadi deb o‘ylaysizmi?!

 

– Lekin Yaponiya deb atalmish makon endi butunicha menga tegishli. U meniki, – dedi qurbaqa iljayib. – Men aytdim-ku, axir, aholiga hech qanday o‘ng‘aysizlik tug‘dirmayman. Yapon xalqi – xizmatchilar, dehqonlar, baliqchilar, ziyolilar, talabalar, siyosiy arboblar, ishbilarmonlar, yozuvchilar – barcha-barchasi shu kungacha qanday yashagan bo‘lsa, bundan keyin ham xuddi shunday umr kechiraveradi. Yer yuzidagi hayot aynan davom etaveradi. Zotan bu yerni butunicha olib ketaman.

 

– Marhamat qilib oxirgi savolimga javob bersangiz, – dedim men bu telba, ehtimol, chindan ham boshqa sayyoralik jonzot qarshisida qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab. – Modomiki, Yaponiyani samoning allaqaysi puchmog‘iga ko‘chirib ketishdek zo‘r qudratga ega ekansiz, yer sotib olishdek maynavozchilikning nima keragi bor edi sizga? Shartta olib ketaversangiz bo‘lardi-ku!

 

– Bizning sayyora – tijorat sayyorasi. Biz savdo-sotiq qonuniyatlarini hurmat qilamiz. Hammasi halol bo‘lsin dedim, xolos! – U xoxolab yubordi. – Axir, men deyarli qonuniy yo‘l tutdim! Men Yaponiyaning, shuningdek, boshqa mamlakatlarning ham boyishiga hissa qo‘shdim. Shu vaqt mobaynida sizlarda – Yerda oltin, oq tilla, qimmatbaho toshlar qanchalik ko‘payganini bilasizmi? Biroq, nega shu arzimas temir-tersag-u tosh-poshni deb o‘zingizni naqd tomdan tashlaysiz, hech aqlimga sig‘maydi.

 

Qo‘rquvdan oyoq-qo‘lim muzlab ura qochdim. Ortimdan uning yoqimsiz qahqahasi uzoq vaqt yangrab turdi. Nima qildim men, nima qilib qo‘ydim?! Ana-mana deguncha vatanim boshiga o‘nglab bo‘lmas kulfat tushadi va bu yorug‘ olamda biror tirik zot bunga mone bo‘lolmaydi. Yuragim achchiq alam va uyatdan zirqirab ketdi.

 

Nafasim bo‘g‘zimga tiqilib kemalar to‘xtaydigan joygacha yugurib bordim va o‘qdek otilib kema narvonidan yaxta bortiga tushdim. Mabodo Yaponiyadan qochib ketishga to‘g‘ri kelib qolsa deb allaqachon shu kemani shaylab qo‘ygan edim. Hozir imkon qadar tez bu halokatga mahkum mamlakat qirg‘oqlaridan uzoqlashsam derdim. Ochiq dengizga chiqib olgachgina ortga o‘girildim. Aynan shu vaqt sodir bo‘ldi o‘sha hodisa. Neon va elektr chiroqlaridan charog‘on Yaponiya osmonida yuzlab bahaybat uchar likopchalar muallaq turardi. (Tabiiyki, buni yolg‘iz men ko‘rmadim, boshqa odamlar bu haqda nega hanuzgacha lom-mim deb og‘iz ochmaydi, hayronman.) Uchar likopchalardan moviy tusli nurmi, pardasimon allanimalar ajralib, Yaponiyani butkul qamrab oldi. Men bu manzaradan ko‘z uzolmay turganimda Yapon oroli dengiz bilan birga xuddi shaffof xaltadagi baliqdek sekin-asta havoga ko‘tarildi! Bundayin dahshatli tomoshadan dong qotib qoldim, ovozim chiqmay, deyarli hushimdan ayrildim. Uchar likopchalarga bog‘langan Yaponiya esa borgan sari balandlab boraverdi va nihoyat, allaqaysi bir nuqtada – aftidan, anavi jirkanch qurbaqaning, o‘sha gazandaning ona sayyorasi joylashgan manzil bo‘lsa kerak – ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shu on favqulodda to‘fon boshlandi – misli ko‘rilmagan toshqin qo‘pib, kemamni suvga g‘arq qildi. U bilan birga mening bor boyligim suv qa’riga cho‘kdi...

 

 

5

 

Shu, aynan mana shu qo‘llarim bilan Yaponiyani sotganman, vatanimni samodan kelgan bir kelgindiga pullab yuborganman. O‘shanda nimani his etganimni sizga qanday ifodalab beray? Ehtimol, bunday vijdon azobini bu dunyoda hali biron tirik jon boshdan kechirmagandir. Pirovardida jinnixonaga tushib qoldim, davolandim, to‘g‘ri, u yerda ko‘p yotmadim. Keyin yana dengizchilikka yollandim. Endi esa shu kengliklarga suzib kelishimiz hamono ko‘zyoshlarimni tiya olmayman. O‘kinib-o‘ksinib yig‘layman.

 

Yaponiya... bu mamlakat chindan ham go‘zal edi... Nega shunaqa, a? Odam dunyodan o‘tgachgina uning qadri bilinadi. Yaponiya ham yer yuzidan g‘oyib bo‘lgachgina men uni chinakamiga sevishimni angladim. Iflos, ayanchli, odamlar chumoli uyasidek g‘ujg‘on o‘ynagan, qing‘ir-qiyshiq tor ko‘chalar-u zich joylashgan xarobazorlardan iborat shaharlari axlatga botib borayotgan va ayni choqda... nafis, charog‘on, kuch-quvvatga to‘lib-toshgan navqiron Yaponiya... Yapon ayollarining tabassumi, Fudzi tog‘i... Qadrdon zumrad tog‘lar, orollar-u dengizlar... Ko‘rkam mitti boqqa o‘xshagan mamlakat... qadimiy ibodatxonalardagi sokinlik... bu olamda bilmagan narsasi yo‘q donishmandlar-u ziyolilar... alomat-u g‘aroyib ko‘ngil ochish maskanlaridagi neon chiroqlar yog‘dusi... bari-barisi yo‘q bo‘ldi... Iz-pizi ham qolmadi! Yig‘lamay bo‘ladimi axir?! Men, yolg‘iz men aybdorman! Kunlarning birida men – uchchiga chiqqan ovsar, kallavaram, o‘ziga bino qo‘ygan mayda tovlamachi mast­alast holda o‘sha nusxaga “Yaponiyani sotib oling!” deb laqillaganim uchungina bugun vatanim bu dunyodan izsiz yo‘qoldi. Men... mana shu irkit qo‘llarim bilan bebaho javohir misol go‘zal Yaponiyamni pullab yubordim. O‘z vatanimni sotdim!..

 

Garchi... o‘ylab qaralsa, kimdir nimadir sotmoq niyatida bo‘lsa, xaridor mudom topiladi... Qaniydi, oftob-u havo yanglig‘ yer ham hech kimga tegishli bo‘lmasa! Egasi yo‘q narsaning xaridori ham bo‘lmaydi-da! Shunda yerning narxi ham yashin tezligida oshib bormas, duch kelgan ochofat o‘ziga kerak bo‘lsa-bo‘lmasa, yerga chang solavermas edi. Shunda “Tijorat sayyorasi”dan kelgan anavi jirkanch qurbaqaga o‘xshaganlar ham ikki qo‘lini burniga tiqib qolaverardi...

 

Hikoyam intihosida sizga bir gapni aytib qo‘yishim kerak... Kechirasiz, vataningiz qayer ekanini bilmayman, lekin ayni choqda anavi qurbaqa aynan o‘sha yerlarda izg‘ib yurgan bo‘lsa, ehtimol. Balki hali hech kim hech nimani payqamayotgandir, hayot odaticha davom etayotgandir, biroq yaxshilab qaralsa – mudhish manzara namoyon bo‘lishi mumkin: mamlakat allaqachon bus-butun g‘oyib bo‘lgandir! Allaqanday muttaham yot-begonaga pullab yuborilgandir. Zavod, fabrikalar qad ko‘tarib turgan, bir zamonlar kimlardir yotqizgan va qayta-qayta yotqizilgan temiryo‘llar cho‘zilgan mana shu zamin endi olis sayyoralik kelgindilar qo‘liga o‘tgandir. Demak, odamlar ham bor lash-lushi bilan o‘sha nusxalarning mulkiga aylangan. Ammo o‘zlarining hech gapdan xabari yo‘q... Axir, Yaponiya ham shundoqligicha – butunicha sotib yuborilgan edi. Mana, mana shu yerda – hozir kemamiz suzib o‘tayotgan joyda edi u bir zamonlar. Shu uchun ham aytyapman-da: hazir bo‘ling! Nima, kulgilimi? Kuladigan joyi yo‘q – o‘ta ayanchli tarix... Men, masalan, kuladigan ahvolda emasman. Yana iljayyapsiz... masxaralayapsiz chog‘i... Ey, qanaqadir g‘alati ko‘rinyapsiz ko‘zimga. Ha-ha, quloqlaringiz dikkaygan, ko‘zlaringiz xuddi tugmachadek... Hoy siz, menga qarang, biror bir mamlakatni sotib olish payida emasmisiz ishqilib?..

 

Rus tilidan

Shohsanam RO‘ZIMAT qizi tarjimasi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

18:05 / 13.05.2024 0 355
San’at sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19418
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16716
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi