Avaz Ergashev


11:06 / 10.06.2024 273 0

1949-yil 1-iyulda Samarqand viloyati Jomboy tumanida tugʻilgan.

Samarqand qishloq xoʻjaligi institutida tahsil olgan, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi, “Jomboydon” aksiyadorlik jamiyati raisi oʻrinbosari, Xoʻjam Nizomatov nomidagi va “Oq oltin” xoʻjaliklarida rais boʻlgan.

2003-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2017-yili vafot etgan.

 

Avaz Ergashev paxtachilikda orttirgan tajribasi sidqidildan qilgan mehnati, yurt ravnaqi uchun amalga oshirgan ishlari tufayli koʻpchilik mehrini qozondi.

 

Jamoa va davlat xoʻjaliklari tugatilib, ular oʻrnida fermer xoʻjaliklari tashkil etilgach, Avaz aka bir muddat tumandagi “X.Nizomatov XNN” hamda “Omad” navli urugʻchilik xoʻjaligi elita paxta urugʻchiligi xoʻjaligi rahbari boʻlib ishladi. soʻngra “Avaz agro-hosil” fermer xoʻjaligi boshligʻi sifatida barakali mehnat qildi.

 

– Mustaqillik, hurlik degan muqaddas soʻzlarni tilga olsam, ozodlik, hurriyat orzusi va armon bilan oʻtgan ajdodlarimiz siymosi koʻz oʻngimda namoyon boʻladi, degandi oʻz mamnuniyatini ifodalab Yaratganga shukur, asriy orzularimiz roʻyobga chikdi. Mustaqillik jismimizni, ongu shuurimizni mutelik kishanlaridan ozod qildi. Istiqlol epkinlaridan koʻksini toʻldirib nafas olayotgan xalqimiz bunyodkorlikka otlandi. Oʻtgan yillar ichida asrlarga tatigulik ishlar bajarildi.

 

“Vatan sajdagoh kabi muqaddas!”. Bu ehtirosli ibora har bir oʻzbekistonlik qalbiga mahkam oʻrnashgani sir emas Uni ham botinan, ham zohiran his etgan kishi Vatan uchun sidqi dildan xizmat qilayotir. Biroq jannatmonand yurtimizning barcha imkoniyatlari toʻla ishga solinayapti, deb boʻlmaydi Avaz aka bu boradagi mulohazalarini shunday bayon etadi:

 

– Men hayotim davomida koʻp chet ellarda boʻldim. Germaniya, Vyetnam, Fransiya, Malta, Italiya, Turkiya, Hindiston kabi davlatlar xalqi, ularning turmushi bilan tanishdim Germaniya poytaxti Berlinda boʻlganimda, bu shaharda 40-50-yil avval ishlab chiqarilgan tramvaylarning harakatlanayotganidan hayron qolgandim. Vagonlarning hammasi toza, ozoda, butun hech qayerida singan, buzilgan joyi yoʻq. Birgina shu tufayli mamlakat miqyosida ancha mablagʻ iqtisod qilinar ekan. Vaholanki, Germaniya yer osti boyliklari kam mamlakatlardan biri. Bizning tuprogʻimizda esa Mendeleyev davriy jadvalidagi barcha maʼdanlar bor. Italiyada ham shunga oʻxshash voqeaga guvoh boʻldim: kuz oxirlaganiga qaramay, deyarli yoʻl yoqasigacha ekilgan paykalda pomidor oʻsib turibdi. Nozik shoxchalarda kattaligi yongʻoqday keladigan koʻm-koʻk pomidorlar tugib yotibdi. Men yoʻl koʻrsatuvchidan bu dalani nima uchun haydab tashlashmaydi, deb soʻradim. U esa “Hosil yana sal-pal sargʻaysa terib olib, konserva qilishadi” deya javob berdi. Italiya quyoshi, albatta, biznikiday emas. Ammo italyanlar uning oxirgi zarrasigacha foydalanish hadisini olgan ekan. Oʻzbekiston kuyoshi toʻqqiz-oʻn oy kulib turadi. Yurtimizning shu kabi imkoniyat va neʼmatlaridan unumli foydalansak, mehnat qilsak, Oʻzbekistonimiz kelajagi shunchalik porloq boʻladi.

 

Bugun jomboyliklar ham shu tuygʻu bilan mehnat qilmoqda. Bu yerda erkin mehnat hukmron. Yer uning qadriga yetadigan egasiga berilgan. Shu bois dasturxonlar toʻkin elimiya boshi toʻydan chiqmaydi. Xar bir kishi ezgu tilak bilan yashamokda. Birgina Avaz aka bosh boʻlgan “Qahrabo-Yantar muqobil MTP xamda «Omad” navli urugʻchilik xoʻjaligi faoliyatini olaylik. Bu yerda mehnat qilayotgan 79 nafar fermer va ularning 400 dan ziyod ishchisi, qolaversa, xoʻjalik aʼzolari erishayotgan mehnat zafarlari, shu xizmatlari tufayli olayotgan daromadlari va turmush darajasining yaxshilanayotgani tahsinga loyiq. Ular halol mexnat orqali halol rizq topayotirlar va Oʻzbekistonning buyuk kelajagi uchun munosib mexnat ulushlarini qoʻshmoqdalar.

 

Darhaqiqat Avaz Ergashev qayerda, qay davrada boʻlmasin, ana shu purmaʼno soʻzlarni takrorlashdan charchamasdi. Odamlarni mustaqillikni qardlashga. Vatanni sevishga, uning rivoji uchun mehnat qilishga daʼvat etardi. Eng muhimi, nafaqada boʻlsa-da, oʻzi ham yurtga fidoyilik bilan xizmat qilayotganlar orasida edi. Tuproqdan dur undirib, rizq-nasiba yaratgan, dehqonchilik hadisini olgan Avaz aka jomboylik paxtakorlarga moʻl va sara paxta yetishtirish borasida yillar osha orttirgan tajribalarini oʻrtoqlashishdan charchamasdi.

 

Ayrim odamlar “Yer olsam, fermer boʻlsam, daromadning oʻzi suvday oqib kelaveradi. Maza qilib, qorinning suvini chayqamay yashayman”, deb oʻylaydi, degandi bir safar kuyinchaklik bilan. Ular fermer degan nomni yaxshi anglamaganligi uchun shunday deyishadi. Aslida, fermer yerni, keyin elni oʻylaydigan, koʻproq pul emas, obrӯ topishga intiladigan kishi. Fermerning elu yurt oldida doim yuzi yorugʻ boʻlishi kerak. Bu oson ish emas. Tunni kunga ulab ham bu ishni uddalash mushkul. Shuning uchun fermerni huzur-halovatdan kechuvchi, el yukiga yelka tutuvchi fidoyi, deb bilish lozim, buning uchun har bir fermer “Dala odami” boʻlishi shart, deyishadi.

 

Bilsangiz, yer mehnat qilgan, mehr berganni yoqtiradi. Yer ham tirik organizm. Tili yoʻq, xolos. Bersangiz beradi. 10 tonna hosil olish uchun 20 tona oziq berishingiz kerak. Oziq nima? Mineral oʻgʻit emas. Albatta Goʻng, jija, fikal: Tuproqni boyitadigan hosilga hosil qoʻshadigan asosiy omil shu. Yana chirindi, begona tuproq. “Begona tuproq – devona tuproq”, deb bejiz aytishmagan. Hech boʻlmasa, tuprogʻini almashlab qoʻysangiz ham yer sizni siylaydi. Dehqonchilikning zavqu shavqi shunda.

 

Bugun yoʻlingiz tushib Jomboyga borib qolsangiz. “Tumanda kuyunchak dehqon, tajribali paxtakor, zahmatkash fermerlar kim boʻlgan?” deb soʻrang. Ular, albatta, birinchilar qatorida Oʻzbekiston Qahramoni Avaz Ergashev nomini tilga olishadi.

 

Avaz aka umrining oxirlaridagi suhbatlaridan birida shunday fikrlarni bildirgandi:

 

– Yoshim 66 da. Koʻp narsani koʻrdim. Bilganim, anglaganim shu boʻldi: hech narsa erkin yashash, erkin mehnat qilishga teng kelmas ekan. Axir taqdiri oʻzgalar ixtiyorida boʻlgan odam bilan erkin odamning ishlashida, yashashida, oʻylashida katta farq boʻladi-da. Kechagina don ekib nonga, paxta ekib kiyimga yolchimagan men kabi minglab dehqonlar bugun qishloqning boyiga, mulkdoriga aylandi. Mehnati qadr topdi, davlatning yuksak mukofotiga sazovor boʻldi, el hurmatiga loyiq koʻrildi. Buning bosh sababi – Mustaqillik!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//