Erkin Alimuhammedov


11:06 / 11.06.2024 221 0

1939-yil 18-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan.

Mehnat faoliyatini 1959-yilda V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida boshlagan.

1963-yildan Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida yigʻuvchi-slesar boʻlib ishlagan.

Ish jarayonida 30 dan ortiq ratsionalizatorlik takliflarini kiritgan.

1995-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Oʻtgan asrning elliginchi yillari oxirlari. Oʻsha kezlarda ularning otasi urushdan qaytmay onasi beva qolgan, toʻrt farzandini tishida tishlab katta qilgan Nurinisa aya qattiq betob edi. Urushdan keyingi ogʻir yillar, har kimning dardi, qiyinchiligi oʻziga yetib ortardi. Erkin xasta onasining yonida boʻlish uchun oʻqishidan ham voz kechdi (u maktabni bitirib, Toshkent politexnika institutiga kirgandi). Keyinchalik Nurinisa aya minnatdorlik bilan mana bu fikrni koʻp takrorlardi:

 

Erkin oʻgʻlim otasiga tortdi oqkoʻngil, mehribon. Meni kasal holimda tashlab ketishni istamay, oʻqishigayam bormadi. Iloyo, tuproq olsa, oltin boʻlsin!

 

Mushtipar onaning duolari ijobat boʻldi!

 

U yigirma yoshida Akbar akasi yoniga poytaxtdagi Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasiga ishga kirganida, taqdirning bu yoʻli unga baxtu saodat keltirishini xayoligayam keltirmagan. Dastlab parchinlovchi-yigʻuvchiga shogird tushdi.

 

Birinchi ustozi Vasiliy Solovyov juda talabchan odam edi. Erkin qiyinchiliklarni koʻrib katta boʻlgan emasmi, ishdan qochmadi. Mehnatsevar va intizomli yigit tezda koʻpchilikning eʼtiboriga tushdi. Koʻp oʻtmay, samolyot qanotlarining oʻrta qismini yigʻish, uskunalarni oʻrnatish va sinovdan oʻtkazish sexiga ishga oʻtkazishdi. Bu sehda oʻta muhim jarayonlar bajarilar edi. Chilangar-yigʻuvchi Erkin Alimuhamedov shu joyda tajriba orttirdi, oʻsha yillari oila qurdi, farzandlarini tarbiyaladi.

 

“Daraxt bir joyda koʻkaradi”, deydilar. Hosilga kirgan bunday baquvvat daraxtning mevalaridan koʻpchilik bahramand boʻladi. Erkin Alimuhamedov ham ish faoliyatining qirq yili davomida zavodda katta tajriba maktabini yaratdi. Eng yuqori razryadli chilangar-yigʻuvchi sifatida zavod jamoasining ishonchini, mehrini qozondi. Bu yillar ichida u AN-12, AN-22, AN-8, IL-76, IL-144 kabi yuk samolyotlarining tuzilishini mukammallashtirishga oid 30 ga yaqin ixtirochilik takliflarini kiritdi. Qanotlarni yigʻishda qoʻl mehnati bilan bajariladigan yumushlarni avtomatik usulga koʻchirishning dastlabki tashabbuskorlaridan boʻldi. Aslida, taniqli konstruktorlar. olimlarning kashfiyotlariga oʻzgartirish kiritish mumkinligini ayrimlar tasavvur ham qilolmaydi.

 

“Bu inson asli mehnat uchun yaratilgan. Ish desa oʻzini ayamaydi”, deyishardi koʻpchilik safdoshlari. Qay bir kasbdoshiga sanatoriyga yoʻllanma kerakmi, qay birining bolalarini bogʻchaga joylash tashvishimi... Erkin Alimuhamedov hamkasblari, baʼzan oʻzi tanimagan odamlarning ogʻirini yengil qilish, joniga ora kirish uchun ham vaqtini, yordamini ayamasdi. Lekin oʻzi haqida gap ketganda...

 

– Uzoq vaqt murakkab ishlarni qoʻlda bajarganlari sababmi, bir yili Erkin akaning qoʻllari qaqshab ogʻriydigan boʻldi, deb eslaydi umr yoʻldoshi Feruza opa. Davolaning desam, ishni koʻzlari qiymasdi. Men oʻzim koʻndirolmagandan keyin zavod maʼmuriyatiga uchrashib, u kishining ahvollarini tushuntirdim. Shundan keyin rahbarlarning qatʼiy talabi bilan shifoxonada davolanishga majbur boʻldilar.

 

– Bolaligimda osmondan samolyot oʻtsa, to koʻrinmay ketgunicha tikilib turardim. Samolyotni koʻrsam, uchgim kelaverardi, eslaydi Erkin Alimuhamedov.

 

Inson doimo yuksaklarga intiladi. Ammo uning koʻklarda parvoz etmogʻi uchun ikkita qanotning boʻlishi shartmikan? Erkin Alimuhamedov korxonada ustozlaridan ilk maqtovni eshitganida, mehnatlari hisobga olinib, eng quyi razryaddan yuqorisiga koʻtarilganini eʼlon qilishganda, oila qurib, farzandlar koʻrganda... shunga Oʻxshash saodatbaxsh lahzalar, kunlarda qalban samolarda parvoz etgandi! Ayniqsa, Erkin Alimuhamedovning umri davomida hech unutilmaydigan eng hayajonli, quvonchli voqea 1995-yili Mustaqillik bayrami arafasida roʻy berdi. Prezident Farmoni bilan “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi. Davlat rahbari uni yuksak unvon bilan tabriklab, “Oltin yulduz” nishonini koʻksiga taqib qoʻygan lahzalarda esa oʻzini qushdek yengil sezdi. Eslasa, hali-hali hayajonlanadi. Taqdiriga shukronalar aytadi.

 

Erkin aka ayrim ota-onalarning bolalariga: “Agar institutga kirolmasang, zavodda ishchi boʻlasan”, deb tanbeh berishlariga hayron boʻladi. Nega? Axir ishchilik ham sharafli kasb, unga uquv, yetarli darajada bilim, sabru sabot kerak. Erkin aka kasb sirlarini puxta bilib olgunicha oʻn yillar oʻtdi. Keyinchalik u topshiriqlarni 120-130 foizga uddalab, maqtov eshitganida, boshqa yosh hamkasblari unga havas bilan qarashayotganini sezardi. Shu kasbi tufayli Qahramonlik unvoniga erishdi. Buni hamma-hammaga iftixor bilan aytgisi keladi...

 

Istiqlol xalqimizga katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Elu yurtiga sadoqatli, halol mehnati bilan eʼzozu eʼtibor topgan kishilar zamonamiz qahramonlari sifatida kashf qilinmoqda. Men ham ana shularning biriman, – deydi Erkin aka Alimuhamedov. – Jamiyatga, yurtiga naf keltirishni astoydil istagan odam avvalo oʻz fikriga, dunyoqarashiga tayanib yashashi, kasbini yaxshi oʻrganib, halol mehnat qilishi kerak.

 

Qahramonning bu fikri ezgu maqsadlarini amalga oshirish yoʻlida mehnat qilayotgan har bir insonga haqiqiy ibratdir.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//