Tadbirkorlik qilmoqchi boʻlgan “Ayollar daftari”ga kiruvchi xotin-qizlarga subsidiya beriladi

Saqlash
10:06 / 11.06.2024 229 0

“Ayollar daftari”ga kiritilgan tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan xotin-qizlarga subsidiya ajratiladi.

 

Bunday turdagi xotin-qizlarning boshlamoqchi boʻlgan faoliyatida asbob-uskuna, mehnat qurollari va boshqa sohalarda ishlatiladigan mehnat qurollari va apparatlarini xarid qilish uchun 7 mln soʻmgacha Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda yoki 10 mln soʻmgacha “Ayollar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya ajratilishi belgilangan.

 

“Ayollar daftari” jamgʻarmasi orqali asbob-uskuna, mehnat qurollari xarid qilish maqsadida subsidiya ajratiladigan hollarda, ariza beruvchi Vasiylik kengashi raisi nomiga (arizada fuqaro oʻz faoliyatini boshlashi uchun kerak boʻladigan asbob-uskuna, mehnat qurollarining nomi va turi, soni, taxminiy xarid narxi va boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim) taqdim etadi.

 

Ariza beruvchining qolgan barcha maʼlumotlari axborot tizimi orqali inson omilisiz aniqlab olinadi.

 

Vasiylik kengashi tomonidan fuqaroning murojaati 3 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda oʻrganib chiqiladi hamda hokim yordamchisi tavsiyasi asosida subsidiya ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

 

Arizani koʻrib chiqish natijasida hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganligi yoki unda kamchiliklar mavjudligi yoxud yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatilganligi aniqlangan taqdirda, murojaat qiluvchiga rad etish sabablari koʻrsatilgan holda yozma ravishda xabar beriladi.

 

Ariza beruvchiga ajratilgan subsidiya asosida xarid qilingan asbob-uskuna yoki mehnat qurollaridan samarali foydalanilayotganligi, ularning texnik holati sozligi kafolat muddati davomida sektor shtabi kotibi tomonidan oʻrganiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//