Sobiq IIB xodimi ham jinoiy ishiga aloqadorligi maʼlum boʻldi

Saqlash
17:06 / 11.06.2024 314 0

“Saidaziz medgorodok” ishida sudlanayotganlardan biri boʻlgan Ulugʻbek Rahimov IIB tizimida ishlagani ochiqlandi. Bu haqida uning oʻzi sud majlisida maʼlum qilgan.

 

Rahimovning aytishicha, u Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida joylashgan IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimida (“pasport stoli”) boʻlim boshligʻi boʻlib faoliyat yuritgan va pensiyaga chiqqan.

 

Aniqlanishicha, Ulugʻbek Rahimov va sudda jabrlanuvchi sifatida ishtirok etayotgan tadbirkor Xurshid Yoʻldoshev oʻrtasida yer uchastkasini rasmiylashtirishda pul bilan bogʻliq nizo kelib chiqqan.

 

Sobiq IIB xodimi ushbu oldi-berdini hal qilish maqsadida Saidaziz Saidaliyevga murojaat qilgan va uning “xizmati”dan foydalangan.

 

Ushbu xatti-harakat jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi va Saidaziz Saidaliyev hibsga olinishidan ancha oldin sodir boʻlgan.

 

Mazkur uchlik oʻrtasidagi masala qanday hal etilganligi boʻyicha oydinlik kiritilmagan.

 

Toshkent shahar IIBBning Saidaziz Saidaliyevdan jabrlangan fuqarolar murojaat qilishlari mumkinligi haqidagi eʼlonidan soʻng tadbirkor Xurshid Yoʻldoshev ham yuqoridagi holat boʻyicha jabrlanuvchi sifatida murojaat qilgan.



Oldinroq “Saidaziz medgorodok” ishi boʻyicha sud jarayoni boshlangani haqida xabar berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//