2021-yil yoʻqotishlari (foto, video)

Saqlash
16:12 / 30.12.2021 1333 1

2021-yil oʻzbek sanʼati, fan, taʼlim, madaniyatining bir guruh yorqin shaxslari vafot etdi, oʻtayotgan yil yoʻqotishlar, judoliklar koʻp boʻldi. “Oyina.uz” 2021-yilda vafot etgan mashhur san'atkor, siyosatchi, olim, davlat xizmatchilarini yodga oladi.

 

 

17-yanvar kuni oʻzbek mumtoz qoʻshiqchiligining yirik vakili, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist, “Lazgi” ansambli va Xorazm sanʼatining ustunlaridan biri, ustoz sanʼatkor Rahmatjon Qurbonov (1959–2021) vafot etdi. Sanʼatkor asl sanʼat durdonalaridan “Chorgoh”, “Talqini Rost”, “Katta suvora”, “Chapandozi suvora”, “Bozirgoniy”, “Qaro koʻzim”, “Nasrulloyi”, “Maxsus”, “Feruz-1”, “Feruz-II”, “Orazibon” kabi koʻplab maqom hamda mumtoz ashulalarni yuksak mahorat bilan meʼyoriga yetkazib ijro qilgan. Rahmatjon Qurbonov ijodiy faoliyati davomida qardosh qoraqalpoq, ozarbayjon, turkman, turk, tojik xalq qoʻshiqlarini ham zoʻr ishtiyoq bilan kuyladi va koʻpchilikning mehrini qozondi.

 

 

15-yanvar kuni shoira Gulchehra Nurullayeva (1938–2021) 83 yoshida olamdan oʻtdi. Oʻtgan asrning oxirgi choragida oʻzining oʻtkir sheʼriyati bilan adabiyot maydonida nom qozongan ushbu shoiraning “Orzularim qoqadi qanot”, “Tashnaman”, “Ikkinchi bahor”, “Lirika”, “Bagʻishlov”, “Paxta hidi”, “Nurli nuqtalar”, “Muhabbatning suvrati” kitoblari chop etilgan.

 

 

22-mart kuni esa oʻzbek bolalar adabiyoti ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev (1932–2021) shu yil 88 yoshida vafot etdi. Adib “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi”, “Besh bolali yigitcha”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Yillar va yoʻllar”, “Shirin qovunlar mamlakati” kabi asarlari bilan kitobxonlar mehrini qozongan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev ham hamdardlik bildirgan edi.

 

 

4-aprel kuni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, haykaltarosh Yakov Shapiro (1937–2021) 83 yoshida vafot etdi. Yakov Shapironing ijod namunalari Oʻzbekiston, Rossiya, AQSH, Fransiya, Italiya, Isroil, Yaponiya va boshqa davlatlarda oʻrnatilgan. Toshkent metrosining beshta stansiyasi, jumladan, “Mustaqillik maydoni” va “Buyuk ipak yoʻli” stansiyalari uchun pannolar ushbu haykaltarosh tomonidan tayyorlangan. Bundan tashqari, haykaltarosh Toshkentdagi Shota Rustaveli, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Lal Bahadur Shastri, Botir Zokirov, Buxorodagi Xoʻja Nasriddin Afandi haykallari muallifi hisoblanadi. Ijodkor yana bir qator arxitektura-haykaltaroshlik ansambllari, jumladan, “Kosmonavtlar” metro stansiyasidagi Ona zamin, Ikar, Ulugʻbek, Siolkovskiy, Korolyov, Gagarin hamda kosmonavt Vladimir Jonibekov figuralaridan iborat yulduzlar mavzusidagi kompozitsiya muallifidir.

 

 

Oʻzbekiston xalq artisti Mirza Azizov (1963–2021) 16-aprel, juma kuni 58 yoshida vafot etdi. Marhum aktyorning koʻplab filmlardagi rollari tomoshabinlar koʻnglidan joy olgan. Jumladan, “Koʻngil koʻchalari” serialida Sanjar, “Ostona” da mayor Moʻminov, “Imom Buxoriy”da habash, “Gulxan atrofidagilar”da Xazrat Qorayevich kabi rollari orqali milliy seriallarimizda hamda “Muhabbat sinovlari” filmida Aziz Mirzayevich, “Tubanlik”da Turgʻun hoji, “Margʻiyona”da temirchi, “Muruvvat”da Qodir, “Muxabbatimsan”da Shuhratxoʻja, “Gumrohlar”da Mirza Mahmudov, “Novda”da bosh vrach singari 50 dan ziyod kinolarda asosiy rollarni ijro etib, xalqimiz mehrini qozongan. Mirza Azizov vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirgan.

 

 

Atoqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senatining aʼzosi, Oʻzbekiston Qahramoni Hasan Normurodov (1939–2021) 2021-yil 24-aprel kuni 82 yoshida vafot etdi. U “Doʻstlik”, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari, “Oʻzbekiston Qahramoni” degan yuksak unvon bilan mukofotlangan. Hasan Normurodov uzoq yillar xalq taʼlimi tizimida ishlagan. Keyinchalik “Nuroniy” jamgʻarmasining Samarqand viloyati boʻlimi raisi sifatida mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish ishlariga katta hissa qoʻshgan. Hayotining soʻnggi kunlarida Samarqand viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi. Shavkat Mirziyoyev Hasan Normurodov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan edi.

 

 

Oʻtayotgan yil oʻzbek ilm-fani uchun ham yoʻqotishlarga boy boʻldi. Jumladan, akademik Oʻtkir Rasulev (1939–2021) 4-may kuni 82 yoshida vafot etdi. Oʻtkir Rasulev Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi aʼzosi, davlat mukofotlari sovrindori edi.

 

 

Oʻzbekiston Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov (1956–2021) 7-may kuni 64 yoshida vafot etdi. Rustam Qosimov koʻp yillar oliy taʼlim sohasida turli vazifalarda ishlagan. 2004–2009-yillarda Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari sifatida fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohalar rivojiga hissa qoʻshgan. Marhum vafotidan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

 

 

11-may kuni ustazoda sanʼatkor, taniqli sozanda va bastakor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, professor Shavkat Mirzayev (1942–2021) vafot etdi. U 1978-yildan boshlab taniqli sanʼatkor oʻzbek mumtoz ashulalar mohir ijrochisi Munojot Yoʻlchiyevaga ustozlik qilgan.

 

 

Milliy teatr sanʼatimiz va madaniyatimiz rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk va betakror isteʼdod sohibi, atoqli rejissyor, ustoz sanʼatkor, Oʻzbekiston sanʼat arbobi, Xalq artisti Bahodir Yoʻldoshev (1945–2021) 2021-yil 16-may kuni 76 yoshida vafot etdi. Bahodir Yoʻldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Abu Rayhon Beruniy”, “Ibn Sino”, “Iskandar”, “Nodirabegim”, “Yulduzli tunlar”, “Qora kamar”, “Farmonbibi arazladi”, “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Maysaraning ishi”, “Checha”, “Arshin mololon” kabi oʻnlab dramatik asarlar millionlab sanʼat muxlislarining qalbidan chuqur joy olgan. Oʻzbekiston xalq artisti Bahodir Yoʻldoshev vafoti munosabati bilan mamlakat rahbari ham hamdardlik bildirdi.

 

 

Taniqli jurnalist, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Safar Ostonov (1948–2021) 9-iyun kuni 73 yoshida vafot etdi. U “Sport” va “Oʻzbekiston futboli” gazetalarida bosh muharrir boʻlgan, keyinroq Oʻzbekiston prezidenti apparatida maslahatchi sifatida ishlagan, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

 

 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, adib Dadaxon Nuriy (1943–2021) vafot etdi. Adib soʻnggi yillarda “Niqobsiz Amerika va boshqa manzilgohlar”, “Olisdagi dala bogʻ”, “Iztirob”, “Vijdon hayqiriqlari” kabi kitoblarni yozgan. Uning asarlari hind, urdu, ingliz, qozoq, koreys, turk va rus tillariga tarjima qilingan.

 

 

14-iyulda Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi, “Qorakoʻl maktabi” asoschisi Toʻxtamurod Jumayev (1945–2021) 76 yoshida vafot etdi. U tashkil qilgan Qorakoʻl maktabida oʻziga xos taʼlim olish tizimi joriy qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil sentyabr oyida Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan marosimdagi nutqida Toʻxtamurod Jumayevning xizmatlarini eʼtirof etgan edi.

 

 

18-iyul kuni Olmazor tumani hokimi Abdumajid Mullajonov (1970–2021) 51 yoshida vafot etdi. U uzoq yillar davomida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Podpolkovnik Abdumajid Mullajonov 2019-yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.

 

 

Oradan bir kun oʻtib, 19-iyul kuni sobiq MMA jangchisi Murod Xontoʻrayev (1987–2021) avtohalokatga uchrab vafot etdi. “Osiyo ayigʻi” laqabi bilan mashhur boʻlgan Xontoʻrayev MMAdagi professional faoliyatini 2013-yilda boshlagan. U jami 15 ta jang oʻtkazib, ularning 12 tasida gʻalaba qozongan, uchta jangda magʻlub boʻlgan, yana bitta jang natijasi bekor qilingan.

 

 

26-iyulda Respublika oliy taʼlim kengashi raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Oʻktam Umurzoqov (1952–2021) 68 yoshida vafot etdi. U bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning otasi.

 

 

27-iyulda atoqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Nusrat Parpiyev (1931–2021) 90 yoshida vafot etdi. U mamlakatda noorganik kimyo sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʻshgan. Nusrat Parpiyev rahbarligida 50 dan ortiq fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

 

 

Bir kun oʻtib, 28-iyul taniqli olim, publitsist, filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Boyboʻta Doʻstqorayev (1942–2021) 79 yoshida vafot etdi. Mashhur olim, koʻpchilik oʻzbek jurnalistlarining ustozi Boyboʻta Doʻstqorayev qariyb yarim asrlik umrini oʻqituvchi sifatida shu sohada jurnalist kadrlar tayyorlashga hamda milliy matbuot tarixini izchil oʻrganishga bagʻishlagan.

 

 

Andijon viloyati Boʻston (sobiq Boʻz) tumani hokimi Sadbarxon Mamitova (1966–2021) 31-iyul kuni ogʻir xastalikdan vafot etdi. U uzoq yillar Jalaquduq tumanida turli lavozimlarda mehnat qilgan. Tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, tuman Bandlikka koʻmaklashish markazi direktori lavozimlarida ishlagan. 2019-yildan “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy boʻlimiga rahbarlik qilgan. 2020-yilning 4-martidan buyon Boʻston tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan edi.

 

 

Joriy yilning 11-avgustida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Muhammad Rafiqov (1940–2021) 81 yoshida pnevmoniya kasalligi bilan vafot etdi. Muhammad Rafiqov “Bobur” telefilmida Shayboniyxon, “Amir Muzaffarxon”da Muzaffarxon, “Hakim va ajal” videofilmida Ibn Sino, “Imom al-Buxoriy” serialida al-Buxoriy, “Sohibqiron” serialida Amir Temur, “Shaytanat” serialida Abdurahmon tabib, “Qoʻqon shamoli” filmida Shayx ul-islom kabi rollarni mahorat bilan ijro etgan.

 

 

15-avgustda Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov (1950–2021) 71 yoshida vafot etdi. Usmonxon Alimov 2012-yilda Islom olami uyushmasi taʼsis majlisining aʼzosi hamda Butundunyo ulamolar kengashi aʼzosi etib saylangan. Iordaniyaning Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan eʼlon qilinadigan “Jahonning eng nufuzli 500 musulmoni” roʻyxatidan oʻrin egallagan. Shavkat Mirziyoyev Usmonxon Alimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan.

 

 

Oliy Majlis Senati aʼzosi, Fargʻona viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining Keksalar va faxriylarni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish boʻyicha oʻrinbosari Topiboldi Xoldorov (1942–2021) 22-avgust kuni 79 yoshida vafot etdi. U surunkali yurak va buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan. Topiboldi Xoldorov 60 yillik mehnat faoliyati davrida jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda faol ishtirok etib kelgan.

 

 

Yozuvchi va tarjimon Olim Otaxon (1951–2021) 17-sentyabr kuni 70 yoshida vafot etdi. Yozuvchining “Oqshom xayollari”, “Ozod qushlar haqida qissa”, “Adoqsiz koʻchalar” kabi nasriy asarlari nashr etilgan. Uning Fyodor Dostoyevskiyning “Maʼsuma”, “Gʻaroyib olam”, Jek Londonning “Oq soʻyloq” qissalarini, Xulio Kortasarning “Oʻyinning tugashi”, “Biz Glendani shunday sevamiz”, Yasunari Kavabataning “Oq gullar”, Fyodor Dostoyevskiyning “Oʻlik uydan maktublar” kabi goʻzal tarjimalari hali hamon adabiyot muxlislarining sevib oʻqiydigan asarlari qatorida turadi.

 

 

12-noyabrda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston va Nyu-York akademiyasining haqiqiy aʼzosi, professor Shabat Xoʻjayev (1924–2021) 98 yoshida olamdan oʻtdi. Shabat Xoʻjayev 1967-yilda Oʻrta Osiyoda ilk bor 1-klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasida virusologiya laboratoriyasini yaratgan va Oʻzbekistonda birinchi marta gripp va boshqa oʻtkir respirator kasalliklar diagnostikasi uchun immunofluoressensiya reaksiyasini joriy qilgan. U Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Virusologiya institutiga asos solib, unga 2004-yilgacha rahbarlik qilgan.

 

 

21-noyabrda Oʻzbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari hamda “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni sohibi Baxtiyor Ixtiyorov (1940–2021) 81 yoshida hayotdan koʻz yumdi. Baxtiyor Ixtiyorov sermahsul ijodi davomida “Yor-yor”, “Ajoyib xayolparast”, “Oʻtgan kunlar”, “Nodirabegim”, “Yettinchi jin”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Yettinchi oʻq”, “Shum bola” kabi juda koʻplab filmlarda ajoyib rollarni ijro etishi bilan bir qatorda oʻzbek teatr sanʼati rivojiga ham munosib hissa qoʻshgan.

 

 

Oʻzbek dublyaj sohasida sermahsul ijod qilgan Sanjar Saʼdullayev (1954–2021) 4-dekabr kuni 67yoshida vafot etdi. U bugunga qadar 1000 dan ortiq filmlarga ovoz bergan. Jumladan “Qashqirlar makoni” (Poʻlat Alamdar), “Qish sonatasi” (Junsang), “Ichkarida” (Komissar Yusuf, Sarp, Hasan qizil yanoq), “Sevgi iztirobi” (Kamol), “Soʻyla, Qoradengiz” (Vedad) kabi yuzlab seriallar va badiiy filmlardagi bosh qahramonlar obrazini gavdalantirgan. Qolaversa, u hind filmlarida Bollivud qiroli aktyor Shohruhxonga doimiy ravishda ovoz berib kelgan.

 

 

“Bunyodkor” futbolchisi Diyor Rahimqulov (2002–2021) 11-dekabr kuni avtohalokat oqibatida vafot etdi. 19 yoshli Diyor Rahimqulov 2021-yilgi mavsumda “Andijon” klubida ijara asosida toʻp surgandi. Futbolchi andijonliklar safida 24 ta oʻyinda maydonga tushib, oʻz hisobiga bitta gol yozdirib qoʻygan.

 

 

Atoqli fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Temurbek Usmonov (1942–2021) 2021-yilning 22-dekabr kuni 79 yoshida vafot etdi. Akademik T.Usmonov oʻz sohasi boʻyicha yangi ilmiy yoʻnalishga asos solib, dunyoda ilk bor quvvatli lazer nurlanishlarining eng katta samaradorlikdagi garmonikalari va yorugʻlikning eng yuqori darajadagi parametrik generatsiyalarini olishga erishdi. Uning tadqiqotlari asosida ishlab chiqilgan lazer komplekslari bugungi kunda amaliyotda keng qoʻllanmoqda. Taniqli olim “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan edi. Akademik Temurbek Usmonov vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev ham taʼziya bildirgan.

 

 

23-dekabr kuni Oʻzbekiston yoshlar mukofoti, “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi, Oʻzbekiston xalq artisti, taniqli kompozitor va dirijyor Shermat Yormatov (1939–2021) 82 yoshida vafot etdi. U “Oʻzteleradio”da xor jamoasi dirijyori, “Bulbulcha” bolalar xorining badiiy rahbari va bosh dirijyori sifatida ishlagan. Shermat Yormatov oʻzbek bolalar xorining faol targʻibotchisi, “Qoʻshigʻim, jon qoʻshigʻim”, “Birgalikda kuylaymiz”, “Do, re, mi, fa, sol”, “Sanʼat gʻunchalari” kabi qator koʻrsatuvlar orqali butun respublika bolalariga musiqadan tahsil bergan muallim sifatida tanilgan.

 

“Oyina.uz” jamoasi yakuniga yetib borayotgan 2021-yilda vafot etgan mashhur, fidoyi insonlarning yaqinlariga yana bir bor hamdardlik bildiradi. Marhumlarning oxirati obod boʻlsin!

 

Matn: Inobat Ahatova

 

Video:  Muhammadxon Yusupov

1 Izoh

Doniyor

06:01 / 01.01.1970

Joylari jannatda bolsin

Izoh qoldirish