Ommaviy madaniyat


Saqlash
10:09 / 26.09.2023 3 14251

Ommaviy madaniyat – madaniyatning murakkab, hamma vaqt bir xil talqin qilinmaydigan oʻziga xos shakli. Ommaviy madaniyatni Gʻarb madaniyati bilan bogʻliq hodisa deb tushunish, shuningdek, uni gʻoyasizlik, sifatsizlik va didsizlik namunasi sifatida baholash keng tarqalgan. Ayni paytda, folklor, xalq madaniyati ham ommaviy madaniyat koʻrinishlari sifatida talqin qilinadi. Ommaviy madaniyat chuqur ijtimoiy va madaniy ildizlarga ega. Ommaviy madaniyat paydo boʻlishining ijtimoiy-iqtisodiy ildizlari yirik sanoat ishlab chiqarishining paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Yirik sanoat rivoji yollanma ishchilarga zaruratni tugʻdirgan boʻlsa, feodal jamiyatning anʼanaviy ijtimoiy tuzilmasining yemirilishi odatiy mehnatdan ayrilgan kishilar ommasini vujudga keltirib, ana shu ehtiyojni qondirishga xizmat qildi. Ommaviy madaniyatning shakllanishi ana shu jarayonning inʼikosi edi. Zero, u yangi ijtimoiy qatlamlarning (yollanma ishchilar va xizmatchilarning) oʻzlarigagina xos boʻlgan madaniyat koʻrinishini yaratishga boʻlgan intilishning natijasi oʻlaroq shakllandi. Ommaviy madaniyatning yuzaga kelishi va rivojlanishi ayni paytda ijtimoiy qadriyatlarni sodda, barcha uchun tushunarli boʻlgan tilga koʻchirish, ommaviy savodxonlikning oʻsishi, nashr mahsulotlarining paydo boʻlishi hamdir. Uzoq vaqt davomida dunyoqarash va xulq meʼyorlari ustozdan shogirdlarga yakka tartibda oʻtib kelgan. Tarixiy taraqqiyot, ijtimoiy tajriba va dasturlar uzatish mexanizmining universallashuvi ularni yanada kengroq doiraga olib chiqdi. Bunga ham ommaviy madaniyat shakllanishining muhim koʻrinishi sifatida qarash lozim. Bu jarayonning bugungi kundagi oʻziga xos natijasini bogʻchalar, maktablar, oliy oʻquv yurtlarida taʼlim-tarbiya jarayonining universallashtirilgan – yagona andoza va dasturlar asosida tashkil etilganida koʻrishimiz mumkin. Bunday universallashtirish hozirda global miqyos kasb etmoqda.

 

XX asrda radio, kino, TV, video, kompyuterlar tizimining paydo boʻlishi natijasida ommaviy madaniyat rivojining yangi bosqichiga qadam qoʻyildi. Bu bosqich koʻpchilik uchun maqbul boʻlgan qarashlar va qadriyatlarni shakllantirish imkoniyatlari keskin darajada oʻsgani bilan xarakterlanadi. Taʼsir etishning nozik va qudratli quroliga aylangan reklama, moda kabi vositalar yordamida ommaviy isteʼmol madaniyatini, intellektual faoliyat jismoniy mehnatni har sohadan siqib chiqarish kuchaygan bir paytda jismoniy sogʻlom boʻlishga xizmat qiladigan har xil sport turlarini faol targʻib qilish yoʻli bilan jismoniy barkamol shaxsni shakllantirishga urinish ham ana shu jarayonning natijasidir. Ommaviy madaniyat xalq madaniyatidan farqli oʻlaroq, nafaqat milliy, balki millatlararo, baynalmilal xususiyat kasb etishi, ayni paytda, umuman, milliylikdan uzoq boʻlishi ham mumkin. Koʻpgina hollarda ommaviy madaniyatning muayyan namunasining milliy mansubligini faqat uning tili yoki ijrochisiga qarab ajratish mumkin. Elitar madaniyat koʻpchilikka moʻljallanmagani, tushunarsiz boʻlgani bilan ajralib turar ekan, bu uning tashuvchilarini jamiyatda alohida mavqega ega boʻlishlariga xizmat qilgan. Ommaviy madaniyat esa keng xalq oʻrtasida mashhur boʻlgan oʻzining aniq mualliflari bilan ajralib turadi. Xalq madaniyati hamma vaqt muayyan makon bilan bogʻlangan. Ommaviy madaniyatda esa bunday lokallik kuzatilmaydi. U avval boshdanoq keng auditoriyaga moʻljallangan boʻladi. Unda insonga xos boʻlgan hissiyotlar – muhabbat, qoʻrquv, muvaffaqiyatga erishishga boʻlgan intilish, gʻaroyibotga ishonch va shu kabiga asoslanish ustuvorlik qiladi. Shu yoʻl bilan ommaviy madaniyat real hayotga qaysidir jihatlari bilan oʻxshash, ammo ayni paytda undan birmuncha uzoq boʻlgan hayot manzarasini yaratadi, qarashlar va qadriyatlar tizimini, xulq modelini shakllantirishga xizmat qiladi. Ommaviy madaniyat oʻzining mana shu xususiyatlari bilan insonning idealga boʻlgan tabiiy ehtiyojini qondirishga intiladi.

 

Ommaviy madaniyat olim va mutaxassislar tomonidan turlicha talqin etilmoqda. Ularni umumlashtirgan holda quyidagicha ifodalash mumkin: 1. Ommaviy madaniyat – xalq madaniyati, urf-odatlari, marosimlari, sanʼati va shu kabilarni ifodalovchi tushuncha. 2. Ommaviy madaniyat OAV rivoji bilan bogʻliq hodisa. 3. Ommaviy ishlab chiqarish, “koʻngilochar industriya” tomonidan yaratilgan, omma isteʼmoliga moʻljallangan madaniyatning siyqalashtirilgan namunalari koʻrinishidagi salbiy hodisa. Bugungi kunda ommaviy madaniyat madaniy-mafkuraviy tazyiqning eng xavfli qurollaridan biriga aylangan. Isteʼmolchilik kayfiyati oʻzagini tashkil etgan ommaviy madaniyat asl kishilik madaniyatiga zid, uni poymol etadigan, mohiyatini buzadigan va oxir-oqibat insonni jon saqlashdan oʻzga maqsadi boʻlmagan jonzot, hayvon darajasiga tushiradigan, xalqni esa olomonga aylantiradigan hodisadir. Bugungi kunda OAV, TV madaniyatni ommalashtirishning asosiy vositasi va manbai boʻlib xizmat qilmoqda. Bu, avvalo, odamlarning qaygʻu va xursandchiligini ifodalagan, ularni qiziqtirgan har qanday muammoni tovarga, bir qolipga solingan koʻngilxushlikka aylantirilishida namoyon boʻladi. Globallashuv jarayonlari va uning yoʻnalishlaridan biri boʻlgan ommaviy madaniyat ekspansiyasi taʼsirida qadriyatlar tizimida sodir boʻladigan tub oʻzgarishlar “ijtimoiy mavjudot” hisoblangan insonda muayyan oʻzgarishlarni keltirib chiqaradi, inson va jamiyat maʼnaviy-axloqiy tayanchlaridan mahrum etiladi, jamiyat inqirozga uchraydi.

3 Izohlar

Feruza

12:05 / 14.05.2024

Maʼlumotlarni aniqroq yozish kerak.tushunarsiz bub qopdi

Shirin

10:01 / 09.01.2024

Ma'lumotlar tushunarsiz.

Nurjamol

19:11 / 20.11.2023

Juda Kam malumot

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

18:06 / 25.06.2024 0 372
Mashrabning “o‘rtar”i

Bir kuni...

17:06 / 24.06.2024 0 288
Ajina ismli qiz

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 300
Tilni qanday saqlab qolamiz?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 209356
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98852
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24507
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23971
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17908
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17011
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16024
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14252
Ommaviy madaniyat

//