Anʼanaviy adabiyot qoidalariga sigʻmaydigan shoir – Faxriyorning qolipsiz sheʼrlari tahlili


Saqlash
19:10 / 05.10.2023 1605 0

Choʻlpon aytganidek, hammayoq “bir xil, bir xil, bir xil” boʻlsa, bari bir odamni zeriktiradi. Gapimiz qanchalik muhim boʻlmasin, odamlar tinglamasa, biz oʻylagan mazmun nishonga yetib bormasa, demak, shakl haqida ham oʻylab koʻrishga toʻgʻri keladi. Shu maʼnoda Faxriyorning soʻnggi yillardagi ijodiy izlanishlari “bir xil, bir xil”likdan qochmoqchi boʻlgan adabiyot ixlosmandlariga ayni muddao boʻldi, deyish mumkin.

 

Insonni moddiyatdan, uni oʻrab turgan olamdan ajratib olib tadqiq qilish zamonaviy oʻzbek adabiyotning asosiy belgilaridan biriga aylanib bormoqda. Endilikda adabiy qahramonning qimmati uning faolligi yoxud ijtimoiy mavqe bilan emas, balki insonlik maqomini toʻgʻri anglab yetishi, mifologizmni, tasavvur kengliklarini oʻz fikratida qay darajada sintez qila olishi bilan oʻlchanmoqda.

 

Yuqorida tilga olingan bir qator xususiyatlarni oʻzida jamlagan isteʼdodli shoir Faxriyor ijodi shu paytgacha amalda boʻlgan poetik qoliplarga koʻpam tushavermaydi. Mavjud “izm”larga sigʻmaydi. Uning poetik olamiga, metaforalari dunyosiga oshno boʻlmoq uchun “koʻz qorachigʻini ichkariga qaratish” lozim. Chunki shoirning aytganlaridan koʻra aytmoqchi boʻlganlari zalvorliroq. Ijodkorning koʻpchilik istioralari oddiy kitobxon oʻrganib qolgan anʼanaviy maʼnosidan koʻra tagdorroq.

 

 

Shoir bir oʻrinda borliq muvozanati buzilib ketayotganidan, olam mavjudotlari oʻz zimmasidagi yukni koʻtarishning evini qilolmayotganidan zorlanadi. Naqqoshi azal gardaniga yuklagan olam va odamni poklash, borliqqa tiriklik ulashish vazifasini oʻrinlatolmayotgan Suvdan yozgʻiradi. Bu qarashlarini “Daryo, seni qandoq choʻmiltiramiz, qayda yuvinarsan, bulgʻanchiq daryo?” [1] tarzida ifoda etadi. Xalq tilida daryo kuch-qudratning (“Birlashgan daryo boʻlur), cheksizlikning (“Qatra-qatra yigʻilib daryo boʻlur”), bagʻrikenglikning (yuragi daryo, daryodil inson) timsoli. Barcha ezgu va beminnat narsalarga, odatda, daryo timsol. Sheʼrning oʻzgachaligi, shoirning yutugʻi shundaki, mana shunday katta koʻlamdagi timsolni boshqa rakursdan kuzatgan. Barchaga soflik bagʻishlovchi daryo(ASL INSON)ning oʻzi ham yordam(ASL DARYO)ga muhtoj boʻlsa, unda nima qilmoq lozim (!) degan ogʻriqli savolni oʻrtaga tashlaydi. Shoirning DARYOsi shu darajada aftoda (qurib ketmasmisan, kasalmand daryo), shu darajada abgor (Yelkang qani, beyagʻirginam, yelkang yoʻqligiga kuyaymi?), shu darajada xasta-yu beholki (Daryo, sen zahar ichgansan, xastaxonaga olib bormoqning oʻzi bir gʻurbat), undan ilinj yoʻq. Shoir daryo timsolida jamiyatning qallobliklaridan qalbi larzon boʻlgan insonni koʻradi.

 

“Ahli odam asli olam sarvari” (Saʼdiy) boʻlsa, daryo (suv) — barcha tirik organizmlarning tarkibiy qismini tashkil etadigan asosiy element hisoblanadi. Demak, daryo (ODAM) insoniyat(BUTUN BORLIQ)ning pok saqlanishiga javobgar. Ammo uning oʻzi ham achinarli bir holda. Bu masala adabiyotning azaliy muammolaridan biridir. Bundan salkam sakkiz yuz yil avval Jaloliddin Rumiy ham jannatdan haydalgan insonning poklanish oʻrniga tubanlashib ketayotganidan, “men”iy aqldan koʻra dunyoviy aqlning ustunlashuvidan xavotirga tushadi. Va “Boz aql ku? Ramid az aql aql[2], yaʼni aqlning oʻzi aqldan ozayotir, deb yozgʻiradi. Yuqoridagi sheʼrida Faxriyor ham bu muammoga yangi asr odami nuqtai nazaridan yondashishga harakat qilgan.

 

Yangicha tafakkur tarafdorlaridan biri Jan Pol Sartr insoniyat haqidagi qarashlarini jamlab, “Odam – bu xavotir” qabilidagi xulosaga keladi. Rumiy Hazratlari esa “Fihi mo fihiy” asarida inson hayotini qil ustida raqs tushayotgan dorbozga mengzar ekan, Uning chegarasini Umid va Qoʻrquv oraligʻida koʻradi. Muallaq qolgan insonga SOʻZdan oʻzga yupanch qolmaydi. U arosatdan qutilmoq ilinjida faryod cheka boshlaydi, bu nola-yu afgʻonlar foydasiz, ammo mantiqsiz emas. Bu figʻonlar, arz-u dodlar, shikoyatlar sheʼrga aylana boradi va hech boʻlmaganda, oʻzidan keyin kelayotganlarni sergaklantiradi. Shikoyat qilmoq – savollar bermoq va javob kutmoqdir. Paydo boʻlgan chogʻida javobi oʻzida boʻlmagan savollarga hech qachon javob olinmasligini F.Kafka oʻzining “Maktublar”ida qayd etgan boʻlsa-da, “Izlash azobining totlari topolmaslik singari qadim” esada, shoir “...Izladim sendan men oʻzim tinimsiz”, – deya nola-yu afgʻon qiladi oʻzining “Izlam” nomli sheʼrida. Shoirning lirik qahramoni oʻzini izlayotgan, goho topib, goho topolmay ovora yurgan inson:

 

Men oʻzimni sendan izladim,

Izlash azobining totlari

Topolmaslik singari qadim.

Men senga sochildim tariqday.

Rahmi kelgan yolgʻiz senmikan,

Menga izlam imkonin bergan?

Oʻzni topolmagan menmikan,

Oʻz oʻrniga malomat tergan?

 

Oʻzini izlayotgan odam – poklanayotgan odamdir. Mashoyixlarimiz ham bu masalaga takror va takror murojaat qilishgan. Rivoyat qiladilarki, bir murid Boyazid Bistomiydan “Boyazid qani?”, deb soʻraganida. Alloma: oʻttiz yildirki, Boyazidni qidirib topolmayman. Istasang oʻzing ham qidirib koʻr, degan ekan. Oʻzligini anglashga intilish insoniyatning azaliy va abadiy muammolaridan hisoblanadi. Ezgulikka xizmat qiluvchi mazkur jarayon osonlik bilan kechmasligi(izlash azobi)ni, ammo insonga katta ruhiy zavq(izlash azobining totlari) ato etilishini shoirning lirik qahramoni yaxshi anglaydi. Qahramonga qanchalik izlam imkonlari berilmasin maqsadga yetish dushvor. Chunki oʻzlik qidirilayotgan makonning oʻzi hali tashlandiq uy kabi huvullab yotibdi (Seni sendan izladim, yoʻqsan. Egalari koʻchib ketgan uy kabi boʻm-boʻsh turibsan). Izlamay desa, larzon koʻngil iztiroblari (koʻksingni ichidan tirnar bir nima...) tinchlik bermaydi. Izlay desa, “oʻzni topmaslik oʻyi” qahramon yuragiga vahima soladi. Izlayotganning oʻzi ham izlanayotganga munosib boʻlsagina orzular ijobat boʻlishiga ishoralar berib boriladi.

 

Faxriyor sheʼrlarining asosiy obyekti oʻz “men”i va koʻngil iztiroblariga toʻqnash kelib, ularga soʻroq berayotgan, nimagaki erishmoqchi boʻlsa, barini oʻz qalbidan qidirayotgan chigal taqdirli odamlar. Shoir nazdida inson qalbi tasavvur kengliklari orqaligina zabt etilishi mumkin boʻlgan tilsimot. Tasavvurga dosh bera olgan (“...Oʻlim qoʻrqinchlimas, Faqat tasavvurga dosh bersang boʻldi”) inson yuqoridagi kabi chigal savollarga yechim topishi mumkin. Tasavvurga oʻrin qolmagan joyda ratsional tafakkur oʻz hukmronligini oʻrnatadi. Faqat koʻrganinigina mavjud deb oʻylaydigan moddiyan avlod shakllana boshlaydi.

Baʼzi oʻrinlarda shoir koʻngilning eng nozik sezimlarini anglatmoq uchun soʻzning shakliy imkoniyatlariga tayanadi. Tajnis sanʼatiga xos boʻlgan badiiyatni vujudga keltiruvchi soʻzlarni yordamga chaqiradi:

 

Koʻngil,

koʻngil!

koʻngilsizlikka,

koʻn, gulsizlikka.

 

“Omonimona” sheʼridan olingan bu parcha ham bir qarashda badiiyatning mavjud qonuniyatlariga aslo mos kelmaydi. Ammo matn ostidagi mohiyatga diqqat qilsak, ijodkorning poetik mahoratiga tahsin oʻqiymiz. Chunki insonlikning birinchi sharti iymon ekanligini hazrat Navoiy oʻz “Xamsa”sining birinchi dostonidan oʻrin olgan dastlabki maqolatning ilk baytidayoq aytib oʻtgan : “Kimki jahon ahlida Inson erur, Bilki nishoni aning iymon erur”. Insonlikning birlamchi sharti iymon boʻlsa, iymoni butunlikning asosiy shartlaridan biri sabrli boʻlishdir (Avliyo boʻlish uchun sabrli boʻlish lozimTurk xalq maqoli). Lirik qahramon oʻz qalbiga murojaat qilib, koʻngilsizliklarga-da, gulsiz – qaygʻuli kunlarga-da, koʻnmoqqa chaqiradi. Agar bu sheʼr bir oz boshqacharoq shaklda ifodalanganda, balki hissiy taʼsiri u qadar kuchli boʻlmasdi. Bunday oʻrinlarda tafakkurni bir oz toliqtirib tasavvur kengliklariga erk bersak, Faxriyor sheʼriyatining tilsimlangan qoʻrgʻoniga oson yoʻl topamiz. Chunki sharqona falsafaga koʻra: odamlarning bir-birini tushunmasligining sababi, maʼnoga emas, balki nomlarga, atamalarga, tashqi koʻrinishga qarab hukm qilishda.

 

Koʻngil fazosida,

koʻngil qasosida –

koʻngil qazosida

Oyning gunohi bor,

oyning savobi.

 

Ertadan umidi boʻlmaganning ichgani talx may boʻlib, tishlarigina emas hatto TUSHlari ham qonaydi. Koʻngli kulga aylanadi. Lekin koʻngilning oʻlimida oyning ne aybi bor? Nahotki, oyda ham gunoh boʻlsa?.. Shu paytgacha oy goʻzallik, poklik ramzi sifatida qaralardi-ku?.. Ammo oyda ham gunoh bor, chunki u shoirga sirdosh. Shuningdek, yaxshi-yu yomonga barobar nur sochadi. Shul bois ham lirik qahramon “Oylarga boshin urib yigʻlaydi”. Bu koʻngilsizliklarga chiday olmasdan “Muhabbatning sochi oqardi”.

 

 

Shoir ijodi davomida oy obraziga koʻp bora murojaat qilgan. “Ayolgʻu” dostoni markazida ham oy obrazi turadi. Dostonda shoirning bu obraz haqidagi aksilfalsafiy qarashlari davom ettirilgan. Muallifning oʻzi asarni “besh juft taxayyul sabogʻi va toʻrt tanaffusdan iborat” ekanligini bildirib oʻtadi. “Tanaffus”larida xalqona yoʻsindagi goʻzal ohanglarni sheʼrga solgan boʻlsa, “taxayyul saboq”larida shoir tomonidan kashf qilingan va yasalgan koʻplab metaforalar taqdim qilingan. Doston oʻttizdan ortiq boʻlimlarga ajratilgan boʻlsa, bitta boʻlimi ikki soʻzdan iborat:

 

OY

               BOLTA

 

Oy avvalo goʻzallikning ramzi sifatida shuurimizda oʻrinlashgan. Bundan tashqari yuqorida koʻrib oʻtganimiz koʻplab ijobiy maʼnolarni oʻzida jamlay olgan. Har narsaning oʻz maromi boʻlganidek, goʻzallikning ham oʻz chegaralari bor. Haddidan oshgan goʻzallik baʼzan qurbonliklar talab qiladi, yaʼni Oy – boltaga aylanadi (Bu holat G.G.Markesning “Yolgʻizlikning yuz yili” romanida Remedios hamda E.Aʼzamning “Farishta” kinoqissasida Oypari obrazlari misolida oʻrinlatib tasvirlangan). Oyboltaning yagona vazifasi bor: jallod yoki mirgʻazab qoʻlida turib, gunohkor-u begunohning boshini olaveradi. Sarhadlar buzilsa, goʻzallik bilan shahvoniy hirs aralashib ketadi. Bu timsolga salbiy toʻn kiydirish Faxriyordan oldin ham uchragan: “Kularda va qalqib borar oy, Ul hayosiz shundoq yalangʻoch. Kimni aldab balqib borar oy – Tevarakda kecha qoraqosh (Rauf Parfi). Ammo Faxriyor oyni katta ijtimoiy, falsafiy obraz darajasiga olib chiqqan va butun boshli dostonni oy metaforasi asosiga qurgan.

 

Dostonda oy obrazi tagzaminida ayol tiynati boʻy koʻrsata boradi va Oy bilan Boltaning birlashish nuqtalarini oydinlashtirib ketadi. Asarning “Oʻqilish shart boʻlmagan ilovalar” qismida geometrik shakllardan foydalanib ayol obraziga tavsif beriladi:

 

“Kimlanish” sheʼridagi savolning zalvori yanada ogʻir. Dunyoda seni kimdir yoʻqlamogʻi lozim: xoh doʻst boʻlsin, xoh dushman. Ana shunda sen yo isyon qilasan, yo itoat etasan, qalbingda umid uchqunlari paydo boʻladi. Qutilish umidi. Yashash umidi. Aks holda:

 

Sen kimsan – oʻn sakkiz mingta olamdan,

Hech birining koʻzi uchmagan kutib?

 

 

Butun borliqqa unutilgan sohildek boʻlib qolishning sababini esa qoʻyidagicha izohlaydi. “Oʻlmagan – umidi dunyodan oʻtib”. Chunki u muhabbatni-da, nafratni-da bilmaydigan, faqat iztiroblari bilan ovunib, koʻz yoshlari bilan qornini toʻydirib yuradigan kas. Qullikdan-da, mahrum. “Isyon qilayotgan ham, itoat qilayotgan ham quldir” degan fikrni ilgari suradi Nitsshe. Har ikkisida ham harakatdagi jarayon mavjud. Harakat esa tiriklik. Insonni ming oʻlib – ming tirilishiga sabab boʻlgan narsa, albatta, yorugʻ kunlar umidi. Lirik qahramon esa dunyoda umrguzaronlik qilmoqda, lekin umidlar uni allaqachon tark etgan. U yashamayapti, shunchaki vaqt sahrosida tentiramoqda, xolos. Islomiy falsafaga koʻra, befoyda sarflangan vaqtning-da soʻrogʻi boʻlar ekan:

 

Yozilmagan sheʼrlar

oʻqilmagan kitoblar

roʻy bermagan muhabbat

sarflanmagan ehtiroslar

gunohi

 

Shu oʻrinda Ahmad Otaboyning haq ekanligiga yana bir bor amin boʻlamiz: sheʼr – nomaʼlumlikka ishora tanish-notanish narsaning oʻzi. Hamma tomoni hamma maʼnosi tanish, tushunarli boʻlgan ravon soʻz aslida sheʼr emas, chunki u aqlni boyitishi mumkin, ammo koʻngilni oziqlantirmaydi. Shoir bir sheʼrida “Senga tushar soyaning koʻlankasi” jumlasini qoʻllaydi. Soya – yorugʻlikni, nurni toʻsuvchi narsalardan tushadigan koʻlanka. Soyaningki soyasi unga tushyaptimi, demak, unga kelayotgan nurlar shu darajada zaif. Nurlardan quvvatlanmay turib koʻkka boʻy choʻzmoq, zamon toʻfonlariga dosh bermoq dushvor:

 

Tomonlar yoʻq, qayon suzsa kelajakdir oʻshal yoq,

...borar joyi makon emas, borar joyi zamondir.

 

“Uchlanish” sheʼrida shoir uch oʻlchamli olamda umrguzaronlik qilayotgan inson tiynati ham badbinlik, nekbinlik va xudbinlik kabi uch xususiyat asosiga qurilgan degan xulosaga keladi. Vaqti-vaqti bilan goh unisi, goh bunisi oʻzlarini namoyon qilib turadi. Inson gunohdan emas, gunohkor boʻlishdan qoʻrqadi. Uni muvozanatda ushlab turuvchi birdan-bir narsa – qoʻrquv.

 

Faxriyor ijodiga diqqat qilinsa, u xalq orasida mavjud boʻlgan metafora va oʻxshatishlarni olib oʻzi idrok etganidek koʻrinishlarda kitobxonga havola qiladi. Shoirning tafakkur mahsuli boʻlgan topilmalar asosan noodatiy shakllar orqali oʻquvchi diqqatini tortadi. Sheʼrlarida “Oy yuzing dogʻlariga qarab yigʻladim”, “Yigʻi seni qandoq kuldiray?”, “vaqt sahrosi”, “sarxush vaqt”, “Ajin tusha boshlar koʻzgu yuziga”, “Gullab yotar shu moʻjaz Vatan Qoʻllardagi kishani bilan”, “Yurak poʻst tashlaydi”, “Tong oʻrniga qaygʻular otar” kabi oʻnlab ohori toʻkilmagan topilmalari borki, asrlar davomida shakllangan poeziyaning mezonlari (assotsiativ tafakkurga tayanish) buzilayotgan (aniqrogʻi, poeziya darajasiga koʻtarilolmayotgan) bir paytda bunday chuqur metaforalarning oʻrni beqiyos. Ammo shoirning soʻngi ijodida zoʻrma-zoʻraki yasalgan metaforalar (hattoki sheʼrlar ham) soni ortib borayotgandek taassurot uygʻotmoqda. Masalan, “ontarilgan ontolog”, “har bir falsafa xulosalar yasab oladi voqealar takroridan dunyoning ustidan hukm yurgizmoq uchun soʻgʻincha...”, “falsafa ham paygʻambar misol xato qilmas hech qachon”, “bugun dam olish kuni men oʻzimga chetdan qarab va miyamning fikr toʻldirib tashlangan joylarini tartib keltirmoq uchun tushunchalarni beshinchi qavatdagi uyim derazasidan sigaret qoldigʻiday asfalt koʻchaga otib oʻynayman” singari parchalarni “Geometrik bahor” toʻplamining “Oʻngarilgan tushlar” boʻlimida koʻplab uchratish mumkin. Bular oʻngarilmagan tushlar kabi taassurot qoldiradi.

 

Bulardan tashqari Faxriyor ijodida ayrim oʻrinlarda ijtimoiylashuv hollari ham uchraydi. Ammo unutmaslik kerakki, ijodkor sizu biz, oʻzidan oldingi va keyingi ijodkorlar qatori oʻz davrining farzandi. Boshqacha aytganda, sheʼr shoirning soyasi, shoir esa jamiyatning parchasidir. Badiiy yaratiqlar voqelikning yo iqrori, yo inkori sifatida vujudga kelar ekan, ijtimoiy hayotning taʼsiri istasak-istamasak baribir unda aks etaveradi. Davrning oʻzi, yuz berayotgan voqea-hodisalar ijodkorga mavzu beradi. Shuning uchun ham shoir ijodida ayrim holatlarda uchrab turadigan publitsistik ohanglarni shoirning kamchiligi sifatida eʼtirof etish koʻpam toʻgʻri boʻlmas.

 

Faxriyor ijodi davomida makon, zamon, vaqt (vaqt ogʻrigʻi, vaqt sahrosi, vaqt muvaqqatligi), oy (oy bolta, oy uzuk, oy tirnoq), armon (armon — joʻnatilmay qolgan koʻhna xat) kabi detallarni oʻz ohangiga solib obraz darajasiga olib chiqdi. Shuningdek, oʻzining aksilmetaforalariga munosib qoliplar topa oldi hamda shakl va mazmun birligiga erishdi.

 

Safarali QURBONOV,

OʻzRFA Oʻzbek tili,

adabiyoti va folklori

instituti tadqiqotchisi

 

Oʻxshash maqolalar: Geometrik shoir yoxud avlodining avangard ijodkori ijodiga chizgilar

Taniqli shoir Faxriyor Oyina.uz karikaturasini sotib oldi

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

 

[1] Keltirilgan parchalar shoirning “Ayolgʻu” va “Geometrik bahor” toʻplamlaridan olindi.

[2] Jaloliddin Rumiy. Maʼnaviy masnaviy. ­– T., Sharq. 1999. Birinchi jild.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19437
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16753
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi