Insoniylikning “propiskasi” bo‘lmaydi


Saqlash
12:06 / 10.06.2024 372 0

Azaldan jahongirlarning bir qoidasi bor: “Bo‘lib tashla va hukmdorlik qil!”. Bu shafqatsiz qoida davrlar o‘tsa-da, o‘z ahamiyatini yo‘qotmay keladi. Ko‘pincha o‘z xalqimiz vakillari orasidan “shaharlik va qishloqlik”, “vodiylik va vohalik” singari ayirmachilik kayfiyatidagi gap-so‘zlar quloqqa chalinganda, yuqoridagi mash’um qoida esimga tushaveradi.

 

Yaqinda bir qizning o‘ylaymay-netmay gapirgan so‘zlari ortidan ijtimoiy tarmoqlarda yana “sobit-u sayyoralar” haqida bahslar bolaladi. Bir tomon “shaharliklar o‘zi shunaqa, viloyatdan kelganlarni ko‘rolmaydi” deb chiransa, ikkinchi tomon “o‘sha hurliqoning ota-onasiyam g‘irt kelgindi ekan-ku” deb luqma tashlaydi.

 

To‘g‘ri, bu ikki toifa orasida bir-biriga noxush qaraydiganlar ko‘p. Shaharliklar orasida viloyatdan kelib, o‘qib, ishlab yurganlarga past nazar bilan qarash bugun yo kecha paydo bo‘lmagan. Poytaxtga kelib, shu yerning non-tuzini yeb, tub aholini xushlamaydiganlar ham topiladi. Shu bilan birga qishloqdan kecha kelib, ikki-uch kunda “shaharlashib” olgach, qolganlarga ko‘z qirini tashlagisi kelmaydiganlar ham...

 

Shu o‘rinda ikki voqeani eslab o‘tsam.

 

Birinchi voqea: Talabalik paytimizda bir kursdoshimiz boshqa toshkentlik do‘stlarimizga qaraganda o‘ta kalondimog‘ligi bilan ajralib turardi. Yurish-turishi, soch turmagi, kiyim-kechak, xullas o‘sha yillarning eng so‘nggi “moda”sida. Boshqalarni, ayniqsa, viloyatliklarni nazariga ilmaydi. Ko‘pgina kursdoshlarga qarab “sanlani viloyatingdayam institut bor-u, o‘shatta o‘qimiysanlami?” deb ochiq mazammat qilgan paytlari ham bo‘lgan. Uning ayirmachiligi hatto boshqa toshkentliklarning ham g‘ashiga tegardi. Ikkinchi kursda bir tahririyatga ishga kirdim. Bo‘lim boshlig‘imiz biz bilan bir tumandan ekan, otamni, qarindoshlarimizni ham tanirkan. Qayerda o‘qishimni bilgach, “Iye, ulimdi kursdoshi ekansan-ku deb qoldi. Bilsam, bo‘lim boshlig‘i o‘sha g‘irt toshkanlik kursdoshimizning otasi ekan. Juda samimiy, jaydari inson. Qizig‘i, bu ustozimiz umuman odam ajratmas, hamma bilan birdek chiqishib ketaverar, hech kimdan yordamini ayamasdi (Ko‘pchilik tanishi mumkin bo‘lgani uchun ustozimizning ismlarini yozmadim). Xullas, ertasi kuni o‘sha “krutoy” kursdoshimiz meni bir chetga chaqirib “О‘rtoq, adam silani tumaniyladan ekanla, sani adeyniyam bilarkanla, faqat iltimos, buni boshqalaga etib yurmagin” deb shipshib ketgani haligacha esimda...

 

Ikkinchi voqea: Hali o‘qishni tugatmay uylanganman. Darsdan chiqib, ishga boraman. Ko‘payish arafasidagi yosh oilamiz, Qoraqamishdagi bir onaxonning uyida ijarada turamiz. Xonadon bekasining ismlari esimda yo‘q, ammo ko‘rinishlari, bo‘y-bastlari rahmatli buvimga juda o‘xsharkan. Bitta o‘g‘li qamoqda, qizi xorijda bo‘lgani uchun bizni o‘z bolalaridek ko‘rardi. Ikki xonali uyning balkonida kechki payt rosa gurunglashardik, Yoshlik chog‘laridagi “Eski shahar hangomalari”ni kula-kula bizga aytib berar, uning hikoya aytish uslubi menga juda manzur edi. Onaxon kechasi bilan xamir qorar, ertalab somsa pishirib, Chorsuga sotgani olib ketar, bizga ham ikkitaginasini tashlab ketar, pulini bersak olmasdi. Ijara puli ham gohida oylarga cho‘zilib ketar, “Xola, uzr sal xarajatlar ko‘payib qoldi” desam, “E bolam, man sanladan pul so‘ravommanmi, topganingda berarsan” deb qo‘yardi. Bir kuni ishdan kechroq qaytsam, uy qulf. To‘lg‘oq ertalab boshlangan ekan. Onaxon o‘zi “skoriy” chaqirib, o‘zi birga olib ketibdi... Tug‘ruqxonaga yetib borsam, xolamiz xuddi o‘zi nabira ko‘rgandek quvonch bilan qarshi oldi: “Moro bo‘sin, bolaginam, qizchali bo‘ldilaring, umri bilan, rizqi bilan bergan bo‘lsin...”

 

...Oradan yillar o‘tib, o‘sha fayzli xonadonga xolamizni ko‘rgani bordim. Uyni o‘rta yoshli erkak ochdi. Onaxonning o‘g‘li qamoqdan qaytibdi. Ammo o‘zi bir yilcha avval bandalikni bajo keltiribdi.

 

Xullas, nima demoqchiman? Bitta bema’ni odamning gap-guftoriga qarab, u tug‘ilgan hududning hamma odamlariga baho berish ham bema’nilik aslida. Insoniylikning “propiskasi” bo‘lmaydi, mehr-oqibat joy tanlamaydi. Shu bilan birga nodonlik, jaholat ham... Faqat ojiz, xudbin, kaltafaxm insonlargina o‘z tug‘ilgan joyi, zot-u zuryodi bilan faxrlanadi, boshqalarni yerga urib, o‘zini osmon chog‘laydi. Bunday kimsalar qancha ko‘paysa, millat shuncha maydalashadi, boshqalarning qo‘lida o‘yinchoq bo‘ladi.

 

O‘tmishda ana shu bo‘linishlar, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik sabab xalqimiz boshiga ne-ne ko‘rgiliklar tushmadi. Uchta o‘zbek davlatiga bo‘lingan bir butun millat, xonlar-u amirlar uzoq yillar qirpichoq bo‘ldi. Oqposhsho Turkiston tomon ot choptirgan kezlarda Buxoro amiri Qo‘qonni qonga botirdi. Buxoro amiri Samarqandni o‘rislarga boy bergan onda, Qo‘qon xoni Oqposhshoga maktub bitib, uni g‘alaba bilan qutladi. Bu ikki o‘zbek davlati erkini qo‘ldan berayozgan damda, uchinchi davlat xoni o‘z xobgohida maishatdan bo‘shamadi. Natija esa ma’lum – bir yuz-u o‘ttiz yillik istibdod.

 

Ammo hanuz ko‘zimiz ochilmayapti. Talablik paytimizda yotoqxonada “SurQash”, “SamBux”, “FAN” singari guruhlarga bo‘linib, bir-biriga tish qayraydiganlarni ko‘p uchratganmiz. Afsus, bu illatlar hamon yo‘qolmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda “quruq”, “harip”, “indeyets” singari haqoratomuz so‘zlar bilan bir-biriga tosh otayotganlar ham aslida bir-biri bilan qirpichoq bo‘lib, oxir-oqibat o‘ris bosqinchisiga qul bo‘lgan bobolarimizning bugungi avlodlari-da?

 

Dunyoning eng qudratli davlatlaridagi taraqqiyot siri ham shunday illatlarning yo‘qligida emasmikin? Germaniyada nemislar “men berlinlikman”, “sen myunxenliksan” deya yoqa bo‘g‘ishishini, Fransiyada parijlik marsellikka dushman ko‘zi bilan qarashini, Yaponiyada tokiolik prefekturadan kelgan hamyurtini “harip” deb kamsitishini tasavvur qilolmayman. Aksincha, bunday illatlar bizga o‘xshagan qo‘shni va qardosh o‘lkalarda ko‘zga tashlanadi va ular ham bu nuqsonning azobini ko‘p tortishgan.

 

Tojikistonda olti yil davom etgan birodarkushlik urushi ham asosan mahalliychilik tufayli, “g‘armlik, “ko‘loblik”, pomirlik”, xo‘jandlik” singari qarashlar ortidan kelib chiqqan, natijada o‘n minglab begunoh odamlarning qoni to‘kilgandi. Afg‘onistonda qirq yildan ortiq davom etgan qirg‘inbarot zamirida nafaqat siyosiy, milliy yoki diniy, balki hududiy qarama-qarshiliklar, mahalliychilik unsurlari ham bor edi. Alloh ko‘rsatmasin...

 

“Es borida etakni yop”, deydi xalqimiz. Bitta xalq, bitta yurt vakilimiz. Qorni to‘q, kallasi bo‘sh oliftalarning o‘rinsiz valdirashlariga ergashib, bir-birimizga tosh otishdan ma’ni yo‘q. Birlashmas ekanmiz, bizni chetda turib, har qadamimizni poylayotgan qashqirlarga yem bo‘lish qismati kutadi, xolos.

 

Rustam JABBOROV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 905
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 44
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19697
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17232
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//