Har bir ish chin ixlos va ishonch bilan qilingan niyatdan boshlanadi


Saqlash
17:06 / 21.06.2024 219 0

Hajga borishni ko‘pchilik orzu qiladi. Shuni istagan ko‘ngilga ezgulik urug‘i qadaladi. Ammo ziyoratga borish shartlari orasida shaxsning ma’naviy yetukligi alohida qayd etilgan. Xo‘sh, ma’naviy yetuklik nimalarda aks etadi?

 

Uzoqqa bormaylik. Ilgari xonadonlarda kunora tandir-tandir non yopilgan. Sirtdan qaragan odam shuncha nonni kim yeydi, deyishi mumkin. Biroq momolarimiz, onalarimiz yopgan non sochiq yoki dasturxonga o‘ralib, qishloqning u chekkasidan bu chekkasigacha tarqatilgan. Tansiq taom qilinsa, albatta, bemorlar, yakka-yolg‘izlar, o‘zgalar parvarishiga muhtojlarga ulashilgan.

 

Shu o‘rinda farzandlaridan birining Abdulla Qodiriy haqidagi bir xotirasini eslaylik. Bir o‘g‘li adibdan velosiped olib berishni iltimos qiladi. Shunda yozuvchi mahallada hammaning ham velosiped olishga qurbi yetmaydi, senga olib bersak, boshqalarning ko‘nglini o‘ksib qolishi mumkin, deydi.

 

Ha, ko‘ngil uchun o‘lmoq kerak! O‘zganing dilini og‘ritib qo‘ygan inson hajga ketishi oldidan kechirim so‘rab borishi bejiz zarurat hisoblanmaydi. Haj amalining ma’naviy asosida ota-bobolarimiz, momolarimizdan qolgan eng go‘zal urf-odat va qadriyatlar yotibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Uyimizga mehmon kelsa, qo‘shni taom ko‘tarib, mehmonni yo‘qlab chiqadi. Sizning mehmoningiz – bizning mehmon, deydi. Bu gap zamirida mezbonning qo‘ni-qo‘shni, mahalla oldida obro‘si borligi ham aks etadi.

 

Muhammad Javhar Zamindor rivoyat qiladi: bir kishi dono odamning oldiga kelib: “Ayting-chi, men yaxshi odammanmi yoki yomon? Buni qanday bilsa bo‘ladi?”, deb so‘rabdi. Oqil kishi bunday javob beribdi: “Qo‘shnilaringdan so‘ra, agar ular seni yaxshi, desa, demak, yaxshisan”.

 

Bir ishni boshlashdan avval mahalla-ko‘y nima deydi, deb o‘ylashning o‘zi har birimizning hayotimiz mahalla bilan, insoniy fazilatlarimiz va qadriyatlarimiz bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.

 

Davlatimiz rahbarining muqaddas haj ziyoratiga ketgan minglab yurtdoshlarimiz holidan xabar olishi ham ana shu go‘zal qadriyatlarimizga borib taqaladi. Kundalik rejasi davlat yumushlari bilan tig‘iz bo‘lgan davlatimiz rahbarining muqaddas haj amalini bajarib turgan fuqarolari holidan xabar olishga vaqt topishi insoniy fazilatlarning, g‘amxo‘rlikning yuksak amaliy namunasidir.

 

Qani ayting-chi, qay birimiz minglab hojilarimizning ona vatanimiz tinchligini so‘rab qilgan duolarida bir necha soniya bo‘lsa-da eslanmadik? Qay birimiz duo bilan el ko‘karishiga shubha qildik?!

 

Haj safariga ketgunga qadar bir oilaning holidan xabar olgan kishi qaytib kelgach, bir necha oilaning holidan xabar olishga urinadi. Zero, bir insonning ko‘nglini obod qilish Ka’bani obod qilishga tenglashtirilgani bor gap. Biroq umra yoki haj ziyoratidan qaytgan ayrimlarning hovlisida yoki restoranlarda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan dabdababozlikka yo‘l qo‘yayotganini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib, nafaqat biz, balki butun dunyo ahli lol qolayotir. Bunday kimo‘zarlig-u xo‘jako‘rsin bizga qachon yuqib ulgurdi?

 

Ko‘plab hojilarimiz ziyorat chog‘ida xorijliklar tomonidan Imom Buxoriy avlodlari sifatida ehtirom etilganini eshitganmiz. Madaniyati, ilm-fandagi olamshumul kashfiyotlari bilan dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Farg‘oniy avlodi ekanimizdan faxrlanamiz. Xo‘sh, bugun farzandimizga bitta kitob sotib olib berishga og‘rinsag-u, xo‘jako‘rsinga doshqozonda osh damlab, tarqatsak, kim degan odam bo‘lamiz?.. Qo‘shnimiz, mahalladoshimizning farzandi oliy ma’lumot olish uchun shartnoma pulini to‘lashga muhtoj bo‘lib tursa-yu, biz hali dunyoni anglamagan chaqaloqni qimmat mashinada yetti mahallaga dong taratib tug‘uruqxonadan olib chiqsak... Otasiz yoki onasiz qolgan bola ko‘chada mayda-chuyda o‘g‘irlab voyaga yetayotgan bo‘lsa-yu, uni ko‘rib-ko‘rmaganga, eshitib-eshitmaganga olsak...

 

Biz Imom Buxoriy avlodlarimiz. Biroq allomaning “Al-adab al-mufrad” hadislar to‘plamini, Abu Lays Samarqandiyning “Tanbeh ul-g‘ofilin”ini, Imom G‘azzoliyning “Mukoshafat ul-qulub”ini, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoiq”ini nega o‘qimaymiz? Abu Nasr Forobiyning yuksak insoniy fazilatlar tarannum etilgan “Fozil odamlar shahri”ni yoddan bilsak, Abu Rayhon Beruniy, Najmiddin Kubro, Muhammad Porso, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkir allomalarimizning o‘nlab asarlaridagi odob-axloqning go‘zal namunalarini anglashimiz, xulqimizga, hayotimizga ko‘chirishimizdan, ularga o‘xshab, el dardi, farzand tarbiyasi, ma’rifat ulashish baxti bilan yashasak, bizni kim to‘xtatib qoladi?

 

Birgina ma’rifatparvar bobomiz Is’hoqxon Ibratni olaylik. U chet el hayoti va madaniyati bilan yaqindan tanishish istagida Jidda, Istanbul, Sofiya, Rim, Afg‘oniston, Arabiston, Hindiston, Xitoy, Koshg‘ar kabi mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilib, Namanganga qaytgach, otasidan qolgan katta yerni bog‘ qilib, favvora qurdiradi, daraxtlar ekib, xiyobon yaratadi. Yevropa uslubida hashamatli imorat qurdirib, arkiga “Xush kelibsiz, Is’hoqiya bog‘iga” deb yozdirib qo‘yadi. To‘raqo‘rg‘onliklar uchun yaratilgan bu bog‘ni tuman ahli hozir ham shu nom bilan ataydi.

 

Xorijiy tillarni o‘rgangan Ibrat vatandoshlariga tushuncha va saboq berish istagida olti tilni o‘z ichiga olgan “Lug‘ati sitta alsina” (“Olti tilli lug‘at”) asarini yozadi. Ilg‘or pedagog sifatida o‘z uyida yangi usuldagi maktab ochib, qishloq bolalarini o‘qitadi. Orenburgdan katta mashaqqat bilan avval poyezdda, keyin tuyalarda uskuna olib kelib, bosmaxona tashkil qiladi. U yurt ziyolisiga xos umr kechiradi.

 

O‘zga eldagi hoji ota-onalarimiz uchun shuncha sharoit yaratilgani nafaqat ularning duosini olish, balki ular haqida vatan qayg‘urayotganini anglatish hamdir. Ular ortida O‘zbekiston turganini his ettirish uchun qilingan sa’y-harakatdir. Bunday sharafga muyassar bo‘lgan yurtdoshlarimiz mamlakatimiz ostonasiga qadam qo‘yishi bilan, eng avvalo, har qanday dabdababozlikka chek qo‘yishiga aminmiz. Dillariga tugib qo‘ygan ezgu tilaklarini xalq bilan baham ko‘radilar. Zero, hojilik maqomi eng go‘zal insoniy fazilatlar bilan ziynatlanganini ko‘rgan yosh avlod ertaga ular kabi bo‘lishga intilishi, duolarini olishga intilishi shubhasiz.

 

Hajga borib-kelishga pulim yetadi, lekin qaytib kelganimdan so‘ng xalqqa dasturxon yozishim uchun biroz mablag‘ kerak, – deb qoldi bir tanishim. Eshitib, hayratimni yashirolmadim. Shunda u “Hamma qilyapti-ku”, dedi.

 

Jamiyatda turfa inson bor. Haj ziyoratiga borishning mohiyatini anglamagan, hojilik maqomini tushunmaganlar turli sa’y-harakatlarga bosh bo‘lsa, qolganlarning ham ular ortidan ergashishi nechog‘lik to‘g‘ri?

 

Bugun yurtimizdagi islohotlarning asosiy negizi vatanparvarlik, xalqparvarlik, adolatparvarlik, xalqimizning davlatdan rozi bo‘lib yashashiga erishish kabi ezgu amallar ro‘yobiga qaratilgan. Shu bilan birga ushbu islohotlar zamirida ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi va shonli tariximizni chuqur o‘rganish, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar qilish, muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash, yoshlarimizning ilm olishi uchun munosib shart-sharoit yaratish orqali iste’dod va qobiliyatini yuzaga chiqarish, diniy-ma’rifiy sohada izchil islohotlar olib borib, xalqimizning bu boradagi orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishdek ezgu maqsadlar mujassam.

 

Kishilarning bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lishi, kam taminlangan va alohida parvarishga muhtoj insonlar holidan xabar olishi, muruvvat ko‘rsatishi, xayr-ehson qilishi qadriyatlarimizning o‘zagini tashkil etadi. Binobarin, muqaddas dinimiz ham barchani shunga o‘rgatadi va shu yo‘lga boshlaydi. Bu esa xalqimizning azaliy umuminsoniy fazilatlaridan.

 

Bugun mahallada ishlash tizimini mutlaqo yangi mexanizm asosida tashkil etishga qaratilgan “mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yangi O‘zbekiston mahalladan boshlanayotgan, xalq roziligi uchun barcha yuqori tashkilot mahallaga tushirilayotgan bir paytda ho-yu havasga berilishimiz qaysi islohotga xayrixohligimizni ko‘rsatadi. Xalqimiz orasida sayqal topgan bir gap bor: “qars ikki qo‘ldan chiqadi”. Bugun yurtning ziyolilari, hojilari – ma’rifatparvarlari mahalladagi shuncha sa’y-harakatga “labbay” deb javob bermas ekan, islohot mahalladan, har birimizning insoniy fazilatlarimizdan boshlanmas ekan, biz istagan porloq kelajakni o‘z qo‘limiz bilan ortga surgan, shuncha katta imkoniyatni boy bergan bo‘lamiz.

 

Sohibqiron Amir Temur qanchalar taqvodor bo‘lganini bilamiz. Uning zurriyodi Husayn Boyqaro haj safariga ketayotgan Alisher Navoiyni mamlakat ishlari tufayli to‘xtatib qolgani haqida manbalarda keltirilgan. Navoiyning yo‘l ta’mirlash, ko‘prik qurish, suv chiqarish, maktab va madrasalar qurdirish kabi ehsonlari haqida ham eshitganmiz. Bu buyuk insonning haj ziyoratiga borish vaqti va mablag‘i bir elning tashvishini hal etishga, mamlakat podshosiga yelkadosh, hammaslak bo‘lib, saltanat ishlarida ko‘maklashishga sarflangan bo‘lsa, bu taqdir Navoiyning nomini asrlarga muhrlab qo‘ymadimi? Uning go‘zal ma’naviy dunyosi hanuzgacha ziyo taratmayaptimi?

 

Ibrat olishimiz lozim bo‘lgan tariximiz ham, ajdodlarimiz merosi ham bisyor. Faqat ma’rifat yo‘lidan yurishimiz, oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadni amalga oshirishda salmoqli vazifalarni bajarishimiz zarurligini anglab yetishimiz darkor.

 

Har safar mashinaga yonilg‘i quydirganimizda yo‘l solig‘i to‘laymiz. Qonun bo‘yicha ko‘chalar mana shu pul hisobidan asfalt qilinishi ko‘zda tutilgan. Biroq atrofimizdagi turli illatlarni bartaraf etish uchun ma’naviy ehtiyojni to‘ldirish lozimligi haqida hech o‘ylab ko‘ramizmi? Mashinaga yonilg‘i quymasangiz, yurmaydi. Jamiyat ham shunday: fuqarolarni tarbiyalamas ekanmiz, ko‘zlagan manzilimizga mashinani surgandek, surib ketishimizga to‘g‘ri keladi. Ammo bu bizni holdan toydirishi turgan gap.

 

Har bir ish chin ixlos, ishonch bilan qilingan niyatdan boshlanadi. Biz yangi O‘zbekistonni ma’rifatli jamiyat, inson qadri ulug‘lanuvchi davlat sifatida barpo etishni maqsad qilganmiz. Uchinchi Renessans poydevori ziyolilar sa’y-harakati bilan mustahkamlanadi. Ma’rifatparvar bobolarimiz ta’kidlaganidek, tilda, fikrda, ishda birlik bo‘lsa, yo‘llarimiz ravon bo‘lajak. Qayerda yoshi ulug‘ odam ko‘rsak, qayerda ilm ahlini ko‘rsak, duo so‘raganmiz. Xolis niyat bilan so‘rab qilgan duolarimiz ijobat bo‘ladi.

 

Husayn Voiz Koshifiy “Axloqi Muhsiniy” asarida jamiyatning odob-axloq bilan ziynatlanishi uchun harakat qilish va insonlarning turli muammolariga dardkash bo‘lib, o‘zini ezgu ishlarda mas’uliyatli his etish musulmon kishining maqsadi ekanini qayd etadi.

 

Zero, bugun chin musulmonligimiz yaxshi amallarimiz, xalqparvarligimiz, ma’rifatparvarligimiz bilan baholanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek “Kuchlilar – ojizlarga, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga g‘amxo‘r bo‘lsin. Dinimizda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarishsin”.

 

Insonning tanasidan avval ko‘nglining hajga intilishi bejiz bo‘lmasa kerak. Muqaddas ziyoratga borish istagi ko‘ngilga tushishi bilan inson chiroyli amallarga harakat qila boshlaydi.

 

Bugun har bir o‘zbekistonlikning ko‘ngli muqaddas ziyoratgohga intilsa, ko‘ngillar obod bo‘ladi, go‘zal fazilatli insonlar safi kengayadi. Yangi O‘zbekiston siz-u bizdan yurt tinchligi, mahallalarda osoyishtalik bo‘lishi, farzandlarimiz kamoli yo‘lida birlashishimizni, ezgu niyatlarimizni amalga oshirishda yakdil bo‘lishimizni so‘raydi.

 

Furqat JO‘RAQULOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

rahbarining birinchi o‘rinbosari

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 21-iyun, 122-son.

“Ko‘ngil hajga otlanganda...” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19824
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17408
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//