Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?


Saqlash
16:07 / 03.07.2024 271 0

Alisher Navoiy asarlarida juda koʻp yurt va mamlakatlarning nomi, siyosiy va ijtimoiy hayoti, adabiy-maʼrifiy muhiti, urf-odatlari, kasb-korlari, sanʼat va adabiyoti, shoir va fozillari, ulamo va avliyolari haqida zikr qilinadi. Albatta, ulugʻ shoir biror muzofot, shahar yo qishloq nomini maʼlum bir sabab va maqsad bilan tilga oladi. Asardagi ayrim timsollarning xarakter va xususiyatlarini yorqinroq aks ettirish uchun zikr qilingan shahar yoki mamlakatning joʻgʻrofiy, madaniy va maishiy jihatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri yo tashbih bilan murojaat etadi. Shuning uchun ham Navoiyni teran anglash va maqsadini aniq mushohada qilish uchun shoir tilga olgan joy nomlarining tarixi, qadriyatlari va odamlarining urf-odatlarini yaxshi bilish kerak.

 

Qoʻzgʻolib har navoda Turkiston...

 

Turkiston (Turon) – turkiy xalqlar yashaydigan oʻlkalar. Shoʻro davrida Markaziy Osiyoda milliy davlat chegaralanishi oʻtkazilishi munosabati bilan Turkiston nomi isteʼmoldan chiqib, Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston termini bilan almashtirilgan. Navoiy asarlarida Turkiston deganda hozirgi turkiy tilli xalqlar yashaydigan oʻlkalar nazarda tutilgan.

 

Turkistonning yer yuzida dovruq qozonishiga u yerda Oʻrta asrning yirik mutasavvifi, shoiri va yassaviya tariqatining asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy xoki qoʻyilgani va unga Amir Temur 1398–1404-yillarda qurdirgan hashamatli maqbaraning mashhur ziyoratgoh boʻlib ketgani ham sabab boʻlgan.

 

Navoiy Xoja Ahmad Yassaviy butun Turkistonda shuhrat topganini taʼkidlab, “Xoja Ahmad Yassaviy – Turkiston mulkining shayxulmashoyixidur... Aning mozori Turkistonda Yassi degan yerdaki, Turkiston ahlining qiblai duosidur” deb yozgan edi.

 

“Badoeʼ ul-bidoya” devoni debochasida shoir Sakkokiy va Lutfiylarning “shirin abyoti ishtihori Turkistonda bagʻoyat” mashhurligini yozganida ham turkiy xalqlar istiqomat qiluvchi joyga ishora qilgan va, shuningdek, “Sabʼai sayyor” dostonida Turkistonni ayni shu maʼnoda qoʻllagan. Dostonda Sulton Husayn Boyqaroning bazmi madh etilar ekan, ikki yondan xonandalarning saf tortib, turkiy va forsiy “nagʻma-yu surud”lar kuylaganiga diqqat qaratiladi:

 

Ikki yondin mugʻanniy ikki xayl,

Jongʻa tandin chiqorgʻa solib mayl.

 

Shunda oʻng tomondagi xonandalar shunday turkiy ashulalar aytishadiki, ularning xushovozligi va yoqimliligidan Turkiston ahli junbushga kelar darajada navolar taraladi. Turkona nagʻma-yu ashulalardan odamlarning koʻzlaridan yoshlar oqadi.

 

Oʻngda turkinavoz urub doston,

Qoʻzgʻolib har navoda Turkiston.

Tortqon turk nagʻmasida surud,

Oqizib xalq koʻzlaridin roʻd.

 

Soʻl tomondagilar esa forsiy kuy va ashulalar aytib, Iroq-u Ajamni oʻziga maftun qilar darajada oʻyin-kulgu yasaydilar:

 

Soʻl sori forsi surud-u nagʻam,

Fitnai Fors, bal Iroq-u Ajam.

 

Oʻtmishda koʻp hollarda Turkiston atamasi Turon shaklida ham yozilgan. Chunonchi, Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida yozadi:

 

Ham Eron-u Turon, ham Oqso-yu Chin,

Anga tegrukim, haddi Mashriq zamin.

 

Navoiy “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida Turonzaminni tilga olar ekan, avvalo butun turkiy xalqlarni, xususan, Turkistonni ham nazarda tutadi. Uning yozishicha, rivoyatlarga koʻra toʻfon boʻlib oʻtgandan keyin Nuh alayhissalom bilan kemada birga boʻlgan sakson kishining hammasi halok boʻladi, ulardan nasl qolmaydi. Nuh alayhissalomning farzandlari oʻzi bilan birga edi. Shunda u Turonzaminni Yofasqa va Eronni Somgʻa va Hindistonni Homgʻa beradi. “Bu mazkur boʻlgʻon mamolik ahli bu uch kishining naslidin” ekani va “bu jihatdin Yofasni Abutturk va Somni Abulajam va Homni Abulhind” deb ataganliklarini ham qayd etadi[1].

 

Navoiy “Tarixi mulki ajam”da Turon soʻzini 22-marta tilga oladi. Turon tarixi bilan bogʻliq voqealar, taxtga oʻtirgan podsholar, Turon podshohi Afrosiyob va eronliklar orasidagi urushlar, hatto oʻrtadagi ayrim sarhadlar haqida ham maʼlumot beradi. Masalan, zardoʻshtiylik dinini qabul qilgan Gushtosb podshoning zamonida Samarqand Eron va Turon orasida toʻsiq vazifasini oʻtaydigan sarhad boʻlgan. Navoiy bu haqda xabar beradiki, “...va Gushtosb zamoni osoridin Samarqand qoʻrgʻoni va devorikim, Eron va Turon orasigʻa tortilibdur”[2].

 

Alarning mavlidi Toshkandur...

 

Toshkent (Toshkand) – qadimda Choch, Shosh, Shoshkent, Binkat deb nomlangan shahar. Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshgʻariy asarlarida Toshkent shahri haqidagi dastlabki maʼlumotlar uchraydi.

 

Bobur Umarshayx mirzo tasarrufidagi viloyatlar haqida toʻxtalar ekan, “Toshkand viloyati – kitoblarda Shosh bitirlar, baʼzi Choch bitirlarkim, “kamoni chochiy” andin iboratdir” deb yozgan edi.

 

Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Shayx Kamol Xoʻjandiyning otasi Shoshda dafn qilingani xabarini berar ekan, Toshkent atamasining Shosh shaklida faol ishlatilgani maʼlum boʻladi: “necha vaqt Shosh degan yerda boʻlur ermishlarki, alarning otalari anda sokin ermish”. “Majolis un-nafois” tazkirasida esa Xoja Ubaydulloh Ahrorning tarjimayi holiga oid maʼlumotlarda uning Toshkentda tugʻilganini qayd etgan: “Alarning mavlidi Toshkandur va otalari darvesh kishi ermish va ona tarafidin hamonoki, Shayxi Tohurki, ul viloyatda mutaayyin shayx ermish, anga yetarlar va oʻzlarida bu ish choshnisi tufuliyat ayyomidin bor ermish”.

 

Nasafgʻa bordim va Mir xizmatigʻa yettim...

 

Nasaf – hozirgi Qashqadaryo viloyati markazi boʻlgan Qarshi shahrining qadimiy nomi. Bugungi Qarshi va uning atrofidagi hududlar 2700-yildan koʻproq tarixga ega boʻlib, turli yillarda turli nomlar bilan atab kelingan.

 

Moʻgʻullar bosqiniga qadar bu yurtda ilm-u fan juda rivojlangan edi. Moʻgʻullar istilosi paytida shahar ancha xarob boʻlgan, qoʻlyozmalar yoqib yuborilgan va baʼzi olimlar qatl qilingan. Ayrimlari Oʻrta Osiyoni tark etib, chet oʻlkalardan boshpana topgan. Moʻgʻul hukmdorlari Kepakxon va Qozonxonlar Nasaf yaqinida oʻzlari uchun saroy qurdirgan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida bu soʻz haqida shunday fikr bildiradi: “Yana Qarshi viloyatidurkim, Nasaf va Naxshab ham derlar. Qarshi moʻgʻulcha ottur, goʻrxonani moʻgʻul tili bila Qarshi derlar. Gʻolibo bu ot Chingizxon tasallutidin soʻng boʻlgʻondur”. Lekin “qarshi” soʻzining saroy, qasr degan maʼnosi ham borligi baʼzi manbalarda aytib oʻtilgan.

 

Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida yozishicha, Abduxoliq Gʻijduvoniy ruhoniyati Bahouddin Naqshbandga bir qator nasihatlar, vasiyatlar qilgandan keyin u kishiga Nasafga Amir Sayyid Kulol xizmatiga borishni buyuradi. Bahouddin Naqshband aytadiki, “Nasafgʻa bordim va Mir xizmatigʻa yettim”.

 

Navoiy mazkur asarida Xoja Muhammad Porso haqida ham yozar ekan, uning 822 (milodiy 1419)-yili, muharram oyida “Bayt ul-harom va Nabiy ziyorati alayhis-salavot vas-salom niyati” bilan Buxorodin chiqib, “Nasaf yoʻli bila Chagʻoniyon va Tirmiz va Balx va Hirot”ning tabarruk mozorotlarini ziyorat qilish uchun yoʻlga chiqqanini aytib oʻtadi.

 

Oti ham Shahrisabz erur, ham Kash...

 

Shahrisabz – yashil shahar demakdir. Shuning uchun ham Navoiy oʻzining “Sabʼai sayyor” dostonida dushanba kuni Oy sayyorasining rangiga mos yashil qasrda mehmon boʻlib turgan shoh Bahrom huzuriga kirgan uchinchi iqlim yoʻlidan kelgan sayyoh hikoyatini maxsus Shahrisabz shahriga bogʻlagan. Unda shoir Shahrisabzni asar personajlari tilidan shunday taʼriflaydi:

 

Dedilar: Kishvari durur dilkash,

Oti ham Shahrisabz erur, ham Kash.

Xizr monand sabzadin rangi,

Sabzasi suyi koʻzgusi rangi.

 

Misralardagi Shahrisabz haqidagi yorqin tasvirlar 1465–1469-yillarda Samarqandda yashagan Navoiy bu shaharni oʻz koʻzi bilan koʻrgan boʻlishi mumkinligiga ishora etadi. Musofir hikoyatni yakunlab, oʻzining Shahrisabzdan, Saʼd avlodlaridan biri ekanligini maʼlum qilgach, shoh Bahrom uni Shahrisabzga voliy etib tayinlaydi.

 

Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining 6-majlisida Abulbaraka degan kishining Shahrisabzda bir qancha vaqt qozilik qilgani haqida xabar beradi. Shuningdek, tazkirada yozishicha, Keshligʻ ato va Umar atolar Kesh shahridan boʻlgan.

 

Ki, bor ermish makoningiz Xorazm...

 

Xorazm – qadimgi va doimiy poytaxt shaharlardan biri. Movarounnahrning shimoli-gʻarbida, Amudaryo quyi oqimining chap sohilida joylashgan boʻlib, X–XII asrlarda, xorazmshohlar davrida ayniqsa rivojlangan. Navoiy asarlarida ham oʻnlab oʻrinlarda Xorazm toponimiga murojaat qilingan. Xorazm joʻgʻrofiy nuqtayi nazardan Movarounnahr va Xuroson davlatlari oraligʻida joylashgani uchun ham temuriylar tarixida muhim oʻrin tutgan. Jumladan, Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining 3-maqolotida sultonlar va ularning adolatidan bahs yuritib, 27-bobda Husayn Boyqaroning mardlik va adl tariqini koʻrguzganini ibrat qilib koʻrsatarkan, maʼlum boʻladiki, bu voqealar hali u taxtga oʻtirmagan vaqtlarda, Xorazmda yuz bergan.

 

Yuz, iki yuzcha kishi birla qazoq,

Gah yeri Xorazm edi, gah Adoq.

 

Maʼlumki, “Sabʼai sayyor” dostoni Navoiy ijodida muhim oʻrin tutuvchi asarlardan. Shoh Bahromga Diloromning xabarini olib kelgan sayyohning yettinchi iqlimdan kelganini taʼkidlaydi. Demak, Xorazm oʻlkasi dunyo xaritasida yetti iqlimning biri boʻlib, tarixiy-siyosiy mavqei nihoyatda yuqori boʻlgan:

 

Menki, tushmish buyon guzor manga,

Mulki Xorazm erur diyor manga...

Qildi Xorazm ahli istiqbol,

Fahm qilmoqqakim nedur ahvol.

Chun yiroq erdi kishvari Xorazm,

Qildilar ul taraf azimat jazm...

 

Xususan, voqealar tuguni ham Xorazm diyorida maskan tutgan Diloromning topilishi bilan yechim topadi.

 

Ul taraf jazm qildi azm etmak,

Toki Xorazm haddigʻa yetmak.

Xojagʻa noma istimolat ila,

Oygʻa ham, lek bas xijolat ila

Kim: “Bu yangligʻ xabar eshittuk jazm

Ki, bor ermish makoningiz Xorazm.

Yana Xorazm shahigʻa yozdi misol,

“Buki Xorazmdin bir illiq mol,

Xojagʻa zodi roh yetkursun,

Xoja mahmilni bu taraf sursun”.

Chunki Xorazm shahigʻa yetti misol,

Vajh berdi xizonadin filhol.

 

Navoiy ranglar jilosini va asarga koʻrsatadigan taʼsirini teran his qilgan holda bu jihatni dostonlariga mahorat bilan singdiradi. “Sabʼai sayyor” dostonida Diloromning daragi Xorazmdan chiqqach, mazkur oʻlka tavsifida oq rang va uning maʼnodoshlariga urgʻu berilganidek, “Saddi Iskandariy”da ham Doro qoʻshiniga kelib qoʻshilgan Xorazm askarlarini oq liboslarda tasvirlaydi. Umuman olganda, “Xamsa” dostonlarida Xorazm istilohi muayyan badiiy-estetik, adabiy-tarixiy funksiya bajargan hamda beshlikning umumiy kompozitsion butunligini taʼminlashga xizmat qilgan.

 

“Lison ut-tayr” dostonida Navoiy Najmiddin Kubroning Xorazmdan ekaniga alohida urgʻu beradi va shayx bilan bogʻliq tasavvufiy mazmundagi hikoyat keltirib, “Nasoyim ul-muhabbat”da uning nihoyatda taqvoli, ulugʻ shayx ekanini taʼkidlaydi. Shoir “Majolis un-nafois”da koʻplab xorazmlik shayx va tasavvuf ahliga oʻrin ajratadi. Xoja Abulvafo quddisa sirruhuga bagʻishlangan fiqrada uni kibor avliyolardan deb taʼriflaydi. Soʻngra “Xorazm xalqi gʻoyat malakiy sifotligʻidin Xojani yer farishtasi derlar erdi” deya Xorazm xalqining fazilatlarini taʼkidlab oʻtadi.

 

Ulugʻ shoir “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida Xoja Ali Romitaniy, Majdiddin Bogʻdodiy, Shayx Raziyuddin Ali Lolo singari mashhur tasavvuf shayxlariga toʻxtalib, ularning Xorazmda tugʻilib oʻsganlarini taʼkidlaydi. Navoiy, shuningdek, Xorazmda yashab oʻtgan va jahonshumul nomga ega boʻlgan Zamaxshariy va uning mashhur “Kashshof” asarini “Mahbub ul-qulub” asarida tilga oladi: “...bamaʼni hazayonin Jorulloh bitgan “Kashshof” gumon qilgʻay”.

 

Koʻrib oʻtganimizdek, Navoiy asarlarida kelgan joy nomlari maʼlum bir maqsad bilan keltirilgan. Shoir fikr va mushohadalarini biror oʻlka yo unga xos jihatlar bilan bogʻlab ifodalar ekan, yanada obrazli, jonli va yorqin lavhalarda tasvirlashga erishgan. Shubhasiz, mazkur yurtlar tarixi, adabiyoti va qadriyatlari bilan bogʻliq maʼlumotlar Navoiy ijodini yanada teran oʻrganishga va yaqindan his etishga xizmat qiladi.

 

Sayfiddin RAFIDDINOV

 

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Turkiston shaharlari Navoiy tasvirida” maqolasi

 


[1] Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. 10 jildli. 8-j. T., 2011, 543-b.

[2] Mazkur asar. 614-b.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19875
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17497
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//