“Tuzsiz odam”, “gapingizning tuzi yo‘q” – odam yoki gap tuzsiz bo‘lishi mumkinmi?


Saqlash
09:07 / 01.07.2024 278 0

“Tuzsiz odam”, “gapining tuzi yo‘q” kabi iboralarni eshitganda – odam yoki gap ham “tuzsiz” bo‘ladimi? – degan savol xayolingizdan kechgan bo‘lishi mumkin. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da shunday izoh keltiriladi: “Tuzsiz – 1. Tuzi yo‘q yoki past. Tuzsiz ovqat; 2. (ko‘chma) Ma’nosi, mazmuni yo‘q; bema’ni, tuturiqsiz. Maqol: O‘zi yuzsizning so‘zi tuzsiz. “Qo‘ying tuzsiz gaplaringizni, sizga yarashmaydi”. M.O‘rinxo‘jayev. Unutilmas kunlar” (O‘TIL. II. 1981. 220). Ya’ni, izohli lug‘atda bu so‘z ovqatga solinadigan osh tuziga bog‘lab tushuntiriladi.

 

Lekin bu ibora bugun yo kecha paydo bo‘lgan so‘z emas, hattoki u eng qadimgi turkiy obidalarda ham uchraydi, xususan VIII asr yodgorligi Kultegin toshbitigida shunday jumla bor: “Bägläri, buduni to‘zsiz o‘cho‘n, tabg‘ach budun tabligin ko‘rlig o‘cho‘n...”, – ma’nosi: “Beglari, xalqi tuzsiz (bo‘lgani) uchun, tabg‘ach elining yolg‘onlariga uchgani uchun...”

 

Xo‘sh, nega yodgorlikda turk beglari va buduniga nisbatan “tuzsiz” sifati ishlatilyapti? Bu yerda ham osh tuzi ko‘zda tutilganmi?

 

To‘g‘ri, tuz ma’dani azaldan turkiyda – tuz, lekin unga shakldosh, ammo ma’nosi farqli bo‘lgan boshqa “tuz” o‘zakli so‘zlar ham borki, Mahmud Koshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘otit-turk”da shunday so‘zlardan beshtasini keltiradi: 1. (تُوزْ) To‘z – qayish yoki kamarga taqiladigan va bog‘lanadigan halqa; 2. (تُوزْ) To‘z: el to‘z netäk? – mamlakat, el qanday? (bu yerda “mamlakat”, “yurt” ma’nosida); 3. (تُوزْ) to‘z – asl, tag, asos. Misol: äning to‘bi, to‘zi kim? – uning tagi, zoti, asli kim? Kimga borib taqaladi? 4. (تُوزْ) To‘z: to‘z jer – to‘g‘ri, tekis yer; 5. (تُوزْ) to‘z – tuz (DLT. III. 1963. 135).

 

“Devon”da alohida ma’nolari ko‘rsatilgan bu so‘zlarning aksariyati, aslida, kelib chiqishi jihatidan “tekis”, “to‘g‘ri”, “tartibli” kabi ma’nolarga ega bir o‘zakka borib taqaladi. Shuningdek, bu o‘zakdan “tuzmoq”, “tuzatmoq”, “tuzuk”, “tuzum” kabi so‘zlar ham yasalgan.

 

Shunday qilib, Kultegin toshbitigida: “beglari va xalqi tuzsiz bo‘lgani uchun” deyilganda “tuzsiz” sifati – “osh tuzi” emas, balki boshqa ma’nodagi “to‘z” o‘zagidan yasalgan bo‘lib, jumlada: “Beglari va xalqi to‘g‘ri, tartibli, asosli, xoqoniga sodiq bo‘lmagani uchun, aksincha tabg‘ach (xitoy) xalqining yoqimli narsalariga aldangani uchun” degan fikr aytilyapti.

 

Hozir ham “tuzsiz odam”, “gapining tuzi yo‘q” deganda “tartibsiz, asossiz, tuturiqsiz odam”, “gapining asosi, tartibi, tuturig‘i yo‘q, to‘g‘ri emas” kabi ma’nolar tushuniladi. Ya’ni, uning osh tuziga aloqasi yo‘q.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 7
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19857
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17469
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//