Xoslar sanʼatining ildizi Avestoga borib taqaladi(mi?) – Maqom tarixiga nazar


Saqlash
15:06 / 29.06.2024 333 0

Maqomlar xalqning bebaho maʼnaviy xazinasi boʻlib, bu sanʼatning yaratilishi va kamoloti ajdodlarning beqiyos badiiy tafakkuri bilan bogʻliq. Maqom iborasi arab tilida musiqa tovushlarining “oʻrnashgan joyi”, yaʼni musiqa sozlaridagi “parda” degan maʼnoda keladi. Umuman kuy maʼnosida ham qoʻllaniladi. Maqomlar – soz va soʻz sanʼatining yuksak darajada uygʻunlashuvi asosida yuzaga kelgan chuqur badiiy estetik kuchga ega boʻlgan asarlardir. Ularda aytilib kelinayotgan klassik shoirlarning sheʼrlari kuyning salobatiga aynan mos tushadi. U insonning oliyjanob fazilatlari, his-tuygʻularini ifodalab beruvchi kuchga ega. 

 

Oʻzbekistonda maqomning uch yoʻnalishi mavjud: Buxoro Shashmaqomi; Xorazm suvoralari; Fargʻona-Toshkent maqom yoʻli. Bu nodir sanʼat, favqulodda noyob hodisa boʻlib, Markaziy Osiyo xalqlari hayotida soʻnggi asrlarda yuz bergan tarixiy oʻzgarishlarning mahsulidir. Yaʼni, yagona davlat oʻrnida Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonliklarining qaror topishi barobarida kechgan jarayonlarning madaniy hayotdagi inʼikosi sifatida bunyodga kelgan edi. Buxoro Shashmaqomining tugal koʻrinish olishini Ota Jalol, Xorazm maqomlarini koʻhna urganchlik Niyozjon Xoʻja, Fargʻona-Toshkent maqom yoʻlini qashqarlik Xudoyberdi Ustoz va Ashurali Mahramlarning xizmatlari bilan bogʻlashadi[1]. Oʻzbek maqom sanʼatining beqiyos salobatini his etish maqsadida birgina Buxoro maqomi – Shashmaqomni misol keltirsak. Shashmaqom – har birida oltitadan oʻntagacha cholgʻu kuylari, qirqtadan elliktagacha ashula yoʻllari mavjud boʻlgan, bir-biriga uzviy bogʻliq jami 300 dan ortiq asardan tashkil topgan. Bularning hozirgi holatdagi hamma ijro yozuvlari 30 soatdan ortiq vaqt mobaynida yangrashi mumkin[2].

 

Hozirgi oʻzbek maqom sanʼatining asosi – Shashmaqomning tarixiy ildizi Oʻzbekiston hududida XV–XVIII asrlarda joriy etilgan bastakorlik anʼanalariga borib taqaladi. Bu anʼana hozirgi kungacha davom etib kelmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarining oʻtmish, hozirgi va kelajak musiqiy madaniyatini Shashmaqomsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Oʻzbek anʼanaviy musiqasining muhtasham, buzilmas poydevori boʻlmish Shashmaqomni xalq hayotining aks sadosi, sevgi muhabbatining mangu kuylanuvchi epopeyalariga qiyoslash mumkin.

 

Umuman, maqomlar toʻgʻrisidagi tarixiy va nazariy masalalar IX–XIX asrlar Sharq yozma manbalarida, ayniqsa musiqaga bagʻishlangan risolalarda oʻz ifodasini topgan. Maqomlarning oʻtmishda ijro etilib kelingan namunalari (Sharqda qulayroq nota yozuv vositalari boʻlmagani sababli) bizgacha yetib kelmagan, qadimiy yozma manbalardan maʼlum boʻlishicha, ular turli shakllarda boʻlgan va taxminan XI–XVIII asrlarda “Oʻn ikki maqom” (“Duvozdah maqom”) sikli mashhur boʻlgan. Tarixda olim A.A.Semyonovning Shashmaqomning turkum sifatida shakllanishi XVI asrda roʻy bergan degan fikri mavjud edi. Biroq oʻzbek maqomshunos olimlari tadqiqotlari natijasida Shashmaqom XVIII asr boshlarida Buxoroda yuzaga kelgan degan qatʼiy xulosaga kelingan. Boisi Kavkabiy (XVI asr) va ayniqsa, yetuk sozanda Darvesh Ali (XVII asr)lar oʻz risolalarida Shashmaqomni hatto eslatib ham oʻtmaganligi Shashmaqom hali shakllanmaganligidan yaqqol dalolat beradi[3]. Buxoroda yozilgan risolalarida XVIII asrgacha Shashmaqom haqida biror gap bormagan, faqat XIX asr boshlarida Shashmaqom qismlari nomlangan va ularga aytilgan sheʼr tekstlarini oʻz ichiga olgan toʻplamlar yuzaga kelgan. Garchi, Shashmaqom XVIII asrning oʻrtalarida tugal shakllangan boʻlsa ham uning yaratilishi va yuzaga kelishi juda qadimgi zamonlardan boshlangan. Shashmaqom “Qomusiy” sanʼat asari boʻlib, unda azaldan kelayotgan xalq ijodidagi yutuqlar, ham kasbiy musiqa, yaʼni bastakorlik anʼanalari yutuqlari, qolaversa, musiqa ilmidagi yutuqlar – hammasi mujassam. Mutaxassis olimlarning fikricha, maqomlardagi Dugoh, Segoh, Chorgoh, Panjgoh nomli namunalarning ildizlari Avestoga borib taqaladi. “Dugoh” ikki tayanch parda, “segoh” uch tayanch parda, “chorgoh” toʻrt, “panjgoh” besh tayanch pardaga asoslanadi, unda zardushtiylarning besh mahal ibodatida qatʼiy tizimlashtirilgan ohang asoslari inʼikos etgan. Shuningdek, “Yakgoh” ham boʻlgan, uning oʻrnini Xorazm Rost maqomida his qilish mumkin. Shu jihatlari bilan gohlarning kelib chiqish ildizlari zardushtiylarning ibodat marosimlaridagi diniy madhiyalari – gatlarga borib taqalishi ehtimoldan uzoq emas deydilar. Maqomlar asrlar oʻtishi bilan yiriklashib borgan va ularning dastlabki koʻrinishi “Oʻn ikki maqom” olti maqom (Shashmaqom)ga birlashtirilgan. Shashmaqom bir qolipda qotib qolmadi, jamiyatning badiiy-estetik talablari va tarixiy sharoitiga qarab oʻzgarib rivojlanib, boyib, bir avloddan ikkinchi avlodga oʻtgan sari takomillashib bordi.

 

Shashmaqom ilk bor F.Xoʻjayev va Fitratlarning tashabbusi bilan 1923-yil Uspenskiy tomonidan notaga olinib, 1924-yil Moskvada nashr etilgan edi. Biroq bu insonlarning qatagʻonga uchrashi bilan mazkur Shashmaqom kuylarining hammasi yigʻishtirib olinib xalq nazaridan uzoqlashtirilgan. Mutafakkir olim Fitratning milliy oʻzbek musiqiy merosiga bagʻishlangan asari, Gʻ.Zafariy qator maqolalari taqdiri ham shunday boʻldi. Shoʻro hukumatining milliy madaniyatlar taraqqiyotiga nisbatan past nazar bilan qarashi, taʼqib siyosatining ustivorligiga eʼtibor bermay oʻzbek milliy musiqasi fidoiylari tomonidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan edi. Jumladan, “Shashmaqom” toʻplamining eng mukammal va namunali varianti akademik Y.Rajabiy rahbarligida 1966–1975-yillarda Toshkentda nashr etilgan edi. 1959-yilda Oʻzbekiston teleradiosi qoshida tashkil etilgan “Maqom” ansambli qisqa vaqt ichida, 1960–1969-yillarda 21 gramplastinkadan iborat “Shashmaqom” ijrosi yaratilgan. 1950–1959-yillarda Y.Rajabiy (Ilyos Akbarov tahriri ostida) 6 jildlik Shashmaqom (1966–1975) kitobi musiqa va matnlari bilan nashr etilgan. 1950-yillarda Belyayev muharrirligida Shohnazar Sohibov, Boboqul Fayzullayev va Fazliddin Shahobovlar tomonidan 5 jildlik Shashmaqomning Tojikiston varianti nashr etilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston va Tojikistondan Amerikaga koʻchib borgan buxorolik yahudiy sozandalarining bir guruhi 1992-yilda Nyu York shahrida “Maqom” ansamblini tashkil etadi. Sozanda, bastakor va shoir Ilyos Mallayev boshchiligidagi bu jamoa Toshkentda Y.Rajabiy ansamblida uzoq yillar faoliyat koʻrsatgan maqom ustalari I.Katayev, E.Malakov, M.Shamayeva va boshqalar ishtirokida 1997-yil Samarqand shahrida oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” festivalida, 2000-yil avgustida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Navoiy shaharlarida muvaffaqiyatli konsertlar uyushtirdi. Shu tariqa bugungi kunda dunyoda Buxoro “Shashmaqom”ining uch xil varianti yuzaga kelgan boʻlib, mutaxassis-olimlar tomonidan ularni qiyosiy-tahliliy va xolis oʻrganish zaruriyati mavjud.

 

Oʻzbek maqom sanʼatining ikkinchi yoʻnalishi Xorazm suvoralari boʻlib, bu goʻzal durdona asarlar bugungi kunda jahon xalqlariga manzur. U qadim zamonlardan voha xalqi diliga hamohang boʻlgan ohang-nolalar bilan ziynatlangan, murakkab ruhiy kechinmalar, teran falsafiy fikrlar bilan jilolangan bir moʻjizadir. Manbalarning guvohlik berishicha, Xorazm maqomlari Buxoro Shashmaqomi asosida yaratilgan, biroq azaliy maktab asosida shakllantirish jarayonida nomlanishlar oʻzgaradi va yangi-yangi musiqiy ixtirolar bilan boyib bordi. Shu jihatlari bilan Xorazm maqomlari betakror va alohida yoʻnalish sifatida qaror topdi. XIX asrdayoq Xorazmda Pahlavon Niyoz Mirzaboshi Komil Xorazm tanbur chizigʻi orqali notalashtirishni kashf etib, xorazm maqomlarining musiqasini yozib olishni boshlab bergan edi. Y.E.Ramanovskaya tomonidan Xorazm maqomlari 1934-yil notaga olinib, 1939-yil nashr ettirdi. Uning “Xorazm klassik muzikasi”ga yozgan soʻzboshisida: “Soʻnggi xonlar davrida (XIX asr) Xivada ijro etilib kelingan hamda 1934-yilda Oʻzbekiston Sanʼatshunoslik ilmiy tekshirish instituti ekspeditsiyasi yozib olgan maqomlar aslida Buxoro maqomlaridir. Bu maqomlarni bundan taxminan 130-yil burun (Koʻhna Urganchlik) Niyoz Xoʻja degan sozanda, mashshoq Buxorodan Xivaga olib kelgan. Bu yerda ularni Xiva mashshoqlari oʻrganib olib, har qayerda chalib aytib yurganlar”[4]. Xorazm maqomlarining 3 tomligi toʻplovchi va notaga oluvchi M.Yusupov va I.A.Akbarov tahriri ostida 1980–1987-yillar davomida nashr etilgan. Unda Xorazm maqomlarining Shashmaqomdan farqli tomonlari koʻrsatib berilgan edi[5].

 

Uchinchi yoʻnalish – Toshkent-Fargʻona yoʻli hisoblanadi. Toshkent-Fargʻona yoʻlining taraqqiyot bosqichi yuqoridagi ikki yoʻnalishdan farq qilib, unda nafaqat saroy, balki saroydan tashqari muhitning taʼsiri ham kuchli ekanligi bilan oʻziga xos koʻrinish kasb etgan. Bu maqomlar xalqning dard-u hasrati, jasorati, baxti-yu shodiyonasi, sevgi muhabbatini tarannum etib, mukammal va goʻzal shakl-u shamoyilga ega boʻlgan holida namoyon boʻladi.

 

Maqomlar ulkan musiqiy manba boʻlib, xalq bastakorlari maqom uslubida ajoyib musiqiy asarlar yaratgan va yaratmoqdalar. Oʻzbek xalqining buyuk bastakorlari Y.Rajabiy, T.Jalilov, Sh.Sohibov, D.Zokirov, S.Kalonov, Gʻ.Toshmatov, T.Sodiqov va boshqalar ijodida maqomlarning taʼsiri yaqqol sezilib turadi. Birinchi oʻzbek operasi M.Ashrafiyning “Dilorom” operasida Moniy ariyasi Segoh maqomining Moʻgʻulchasidagi Nimchoʻponiy, R.Glier va T.Sodiqovlarning “Layli va Majnun” operasidagi Qays ariyasi (“Iroq”) Buzruk maqomining Iroq shoʻbasi muxayyari asosida yaratilgan. Bu ariyaga muallif maqomlarda koʻp uchraydigan turk avjini ham kiritgan”[6]. Shuningdek, “Halima”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” musiqalarining asosi maqom hisoblanadi. M.Tojiyevning 3-simfoniyasida Segohdan, M.Burhonov oʻsha yillarda yaratgan “Navoiyga qasida”sida “Saraxbori Navo”dan keng foydalangan. 2001-yilda M.Bafoyev “Lison ut-Tayr”da Shashmaqom ohanglaridan unumli foydalangan va bundan keyin ham maqomlar bastakorlar uchun tuganmas xazina vazifasini bajaraveradi.

 

Millat mumtoz musiqasining nodir xazinasi boʻlmish “Shashmaqom” 2003-yilda UNESCO tomonidan “Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi durdonalari” deb tan olinib, Umumjahon Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi. Shu tufayli asrlar mobaynida saqlanib kelinayotgan oʻzbek maqomchilik sanʼatiga qiziqish dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda. Jahonning Germaniya, Polsha, Fransiya, Angliya va Yaponiya kabi mamlakatlarida qator olimlar bu sanʼatga katta ilmiy qiziqish bilan qaraydilar. Bugungi kunda O.Ibrohimov, O.Matyoqubov, R.Abdullayev, H.Rajabiy, R.Yunusov kabi qator oʻzbek maqomining bilimdon olimlari maqomlarni oʻrganish ustida keng qamrovli tadqiqotlarni amalga oshirmoqdalar.

 

Maqom avvalo saroy sanʼati edi va shunday boʻlib qolmogʻi lozim. Tarixdan maʼlumki Xiva va Buxoro davlatlarida maʼlum bayram kunlarida maqom sanʼatkorlari maxsus farmon orqali xalqqa oʻz ijrolarini namoyish etganlar va ularni oʻzgartirish, buzib oʻzi bilgancha talqin etishi qatʼiyan taqiqlangan. Boisi, maqom xoslar sanʼati boʻlib, hamma ham tushinib ketavermaydi, u tinglovchidan maʼlum koʻnikma, malaka, bilim va tafakkurni talab qiladi. Soʻzlarning chuqur maʼnolarini idroklash maqom shinavandachiligining ajralmas boʻlagidir. Murakkab va yirik boʻlgan maqom asarlari tinglovchilari yuqori darajadagi tinglash madaniyatiga ega boʻlmogʻi, yuksak badiiy estetik didi tarbiyalangan, katta fahm egasi boʻlishi lozim. Maqomchi hofizlar ham baquvvat, nafasi katta, ovozi kuchli, yoqimli, shirali, diapazoni keng va yuqori did egasi boʻlishi kerak, xullas har tomonlama yetuk professional ijrochi boʻlmogʻi talab etiladi. Muammo shundaki, bugungi tezkor zamonda, bozor munosabatlari sharoitida maqom sanʼati qanchalik buyuk va nodir boʻlmasin, yuqoridagi talablarga javob beradigan koʻp sonli tinglovchilarni topish, yaʼni talabning yuqori boʻlishi qiyin holat. Yuqoridagi talablarga javob beradigin hofizni esa tinimsiz, uzoq mashaqqatli mehnat va raqobat yuzaga keltiradi. Shu maʼnoda maqom hech qachon shou-biznes darajasiga koʻtarila olmaydi va hozirda bu nodir sanʼat avvalgi zamonlardan ham koʻproq davlat himoyasiga muhtojdir. Bugungi kunda barcha millat va davlatlarda ham milliy madaniyatni, milliy qadriyatlarni saqlab qolish masalasi jiddiy muammo koʻrinishini olgani sir emas.

 

Xulosa qilib, Oʻzbekistonda mustaqillik yillari davomida milliy musiqiy merosini, xususan maqom sanʼatini ilmiy oʻrganish, qayta tiklash va targʻib qilishda keng miqyosli ishlar amalga oshirildi. Jahonda globalizatsiya jarayonlari keskin oʻsib borayotgan bir sharoitda maqom sanʼatining milliy madaniyatni rivojlantirish va milliy oʻzlikni anglashdagi muhim ahamiyatini inobatga olgan holda tadqiqotchi tomonidan quyidagi taklif va mulohazalar ilgari suriladi:

 

– Maqom sanʼatini saqlab qolish va rivojlantirishni davlat siyosati darajasiga olib chiqish, maqom sanʼatiga yoshlarni keng miqyosda jalb etish va davlat homiyligini yanada kuchaytirish;

 

– Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning koʻlamini oshirish va targʻibot, monitoring ishlarini olib borish maqsadida yagona Xalqaro Maqom Markazini tashkil etish hamda oʻzbek maqom sanʼatini nafaqat davlat balki, xalqaro miqyosda targʻib etish;

 

– Kompozitorlar tomonidan xalq cholgʻulari hamda simfonik orkestrlar uchun maqom kuylarini qayta ishlash;

 

– Tele-radio dasturlar orqali targʻibot, disklarda maqom ansambllari va yakka ijrolarni yanada koʻpaytirish, ularning xilma-xilligini orttirib borish;

 

– Maqom ijrochilarining shaxsiy konsertlarini, turli tadbirlarda ularning ishtirokini koʻpaytirib borish;

 

– Maʼqom sanʼatining qatʼiy maqomini belgilash, yaʼni “Professional maqom ustalarining xalqaro tanlovi”ni tashkil etish maqsadga muvofiq boʻlardi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

 


[1] Otanazar Matyoqubov. Maqomot. Toshkent, “Musiqa”. 2004., B – 90.

[2] Y.Rajabiy. Oʻzbek maqomlari. Shashmaqom. Toshkent. 2007. “Olti maqom-Shashmaqom-oltin meros”., Oʻzbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy. 14-bet.

[3] Shashmaqom I tom. “Toshkent”, 1966-y., Yozib oluvchi Y.Rajabiy., 5-bet.

[4] Xorazm klassik muzikasi. Oʻzdavnashr., Toshkent. 1939-y., 11-bet.

[5] Xorazm maqomlari. I tom. Toshkent., “Gʻ.Gʻulom nashriyoti”, 1980. 18-bet.

[6] I.Rajabov. Maqomlar. Toshkent. “Sanʻat”., 2006. 316-317-betlar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 0
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19857
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17469
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//